O‘zbekiston banklarida 2009-yilgacha muomalaga chiqarilgan eski namunadagi 100 dollarlik banknotlarni sotish va sotib olish bo‘yicha operatsiyalar muammosiz amalga oshirilmoqda, deb xabar qildi Markaziy bank.

“Birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan. Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi”, — deyiladi xabarda.

Regulyator fuqarolarga banklarning ayirboshlash shoxobchalarida eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni almashtirishda qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda, MBning ishonch telefoni (71−200−00−44) yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qilishni tavsiya qildi.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat mahalliy banklar orqali amalga oshiriladi.

Noyabr oyi oxirida Turkiyaning ayrim shaharlaridagi valyuta ayirboshlash shoxobchalari mamlakatga umumiy qiymati 600 million dollarlik qalbaki kupyuralar olib kirilgani sabab eski namunadagi 50 va 100 dollarlik banknotlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Istanbulning bir qator tumanlaridagi valyuta ayirboshlash shoxobchalari eski namunadagi dollarlarni faqat arzonlashtirilgan kursda qabul qildi.

Qozog‘istondagi ba’zi banklar “eski” dollarlarni komissiya bilan qabul qila boshladi. Qirg‘izistonda ham fuqarolar eski namunadagi dollarlarni almashtirishdagi qiyinchiliklar haqida xabar berdi.

“RBK”ning yozishicha, Amerika valyutasini “oq” va “ko‘k”ka bo‘lish mumkin. 1996-yildan 2000-yillarning boshlarida chiqarilgan birinchi banknotalar, ya’ni eskilari nisbatan yorqin soyasi bilan ajralib turadi. Ikkinchisi 2004-yildan beri ishlab chiqariladi va ularning dizaynida qizil, to‘q sariq, sariq, ko‘k va binafsha ranglardan foydalaniladi. Turli nominaldagi banknotlar bir necha bor yangilangan. Misol uchun, yangi 100 dollarlik banknot markazida ko‘k rangli himoya chizig‘iga ega. U 2009-yilda muomalaga kiritilgan.