Uzbekistan Airways talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlar ekonom-klass aviachiptalari tariflariga 50 foizgacha chegirma e’lon qildi.
Kompaniya axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu chegirma davlat muassasasida o‘qishni tasdiqlovchi hujjat asosida talabalarga taqdim etiladi.
Chegirma 2024-yil 23-dekabrdan boshlab 2025-yil 7-yanvariga qadar amalga oshiriladigan aviaqatnovlar uchun amal qiladi, deyiladi xabarda.
50 foizgacha bo‘lgan chegirmali aviachiptalarni Toshkentdagi Uzbekistan Airways Sales filialida, uning agentlaridan va booking.uzairways.com saytida xarid qilish mumkin.
Kompaniyaga ko‘ra, yo‘lovchi tashish tariflariga qo‘shimcha ravishda turli soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlar ham o‘rnatiladi. Ularga 50 foizgacha taqdim etiladigan chegirma amal qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr va yanvar oylarida Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari harakatlanuvchi Samarqand — Toshkent Yo‘lovchi — Samarqand 775/776-sonli elektropoyezd 15−31-dekabr hamda 2025-yilning 3−12-yanvar sanalarida qo‘shimcha qatnovni amalga oshiradi.