3-dekabr kuni Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qildi va buni konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish zarurati bilan izohladi. Qaror fuqarolar orasida norozilik va shokka sabab bo‘ldi. Oradan 2,5 soat o‘tgach, parlament harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat prezident impichmenti uchun harakatga kirishdi.

5-dekabr kuni prezidentga nisbatan tergov boshlandi, bir kundan so‘ng hukmron partiya davlat rahbarining iste’fosini qo‘llab-quvvatladi. 7-dekabr kuni impichment masalasi bo‘yicha ovoz berishdan bir necha soat oldin prezident millatga murojaat qilib, “dilxunlik” tufayli shunday qilganini aytdi va o‘z qarori uchun uzr so‘radi. Ovoz berish jarayonida parlamentda impichment e’lon qilish uchun yetarli ovoz yig‘ilmadi. Shu kunlarda Seul markazida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi, bu namoyishlar mamlakat fuqarolarining birdamligi bilan butun dunyoni hayratda qoldirdi.

Seulda impichment bo‘yicha ovoz berishdan oldingi namoyish. Foto: Yonhap.Seulda impichment bo‘yicha ovoz berishdan oldingi namoyish. Foto: Yonhap.

Koreya Respublikasi o‘qish va ishlash uchun O‘zbekiston fuqarolari tanlaydigan manzillar orasida mashhurlaridan biridir. “Gazeta.uz” ushbu mamlakatdagi vatandoshlar bilan suhbatlashib, sodir bo‘layotgan voqealar ularning hayotiga ta’sir qilgan-qilmagani bilan qiziqdi.

Seulda to‘rt yil yashagan o‘zbekistonlik talaba Doniyorning so‘zlariga ko‘ra, harbiy holat joriy etilishi uning odatiy turmush tarziga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Bu jamiyat va hukumat, jumladan, prezident o‘rtasidagi uzoq davom etgan ziddiyatning bir qismi, xolos, dedi u.

Hukumat va prezidentning tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga kvotalarni oshirish to‘g‘risidagi taklifiga qarshi chiqqan shifokorlarning fevraldagi ish tashlashi jamiyatga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi, dedi Doniyor. O‘shanda uning qiziga shoshilinch tibbiy yordam kerak bo‘lgan, ammo minglab shifokorlar norozilik tufayli ishga chiqmagan va Janubiy Koreyaning bir qator tibbiyot muassasalari qizil darajadagi trevogani e’lon qilgan.

“Bir kuni kechqurun qizimiz yiqilib tushib, iyagini sindirib oldi. Unga plastik jarrohlik amaliyoti zarur edi. Shifoxonadagi shoshilinch yordam markazida bunday jarrohlik operatsiyasi shoshilinch emasligi — 24 soat ichida amalga oshirilishi mumkinligi, plastik jarrohlar esa norozilik belgisi sifatida tunda ishlamasligini aytib, rad javobini berishdi. 119 xizmati (shoshilinch yordam qo‘ng‘iroq markazi) uzoq vaqt bizga gospital topishga harakat qildi, lekin yaqinroqdagi klinikalardan birortasi bizni qabul qilmadi. Xirurg qabuliga yozilish uchun ertalabgacha kutishga to‘g‘ri keldi”, — dedi u.

“Gazeta.uz” suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, 5-dekabr kuni butun mamlakat bo‘ylab temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi, 6-dekabr kuni esa Seul metrosi xodimlarining ish tashlashi rejalashtirilgan edi. Ular ish haqini oshirish va prezidentning iste’fosini talab qilgan.

Ushbu harakatlar harbiy holat joriy etilishidan oldin e’lon qilingan, bu ham jamiyat va ijro hokimiyati o‘rtasidagi ziddiyatning uzoq davom etganidan dalolat beradi, dedi Doniyor.

The Korea Times gazetasining yozishicha, metro xodimlarining ish tashlashi so‘nggi lahzalarda bartaraf etilgan. Seul metropoliteni 6-dekabr kuni ertalab uchta kasaba uyushmasining har biri bilan kelishuvga erishdi. Shartnomaning asosiy bandlari ish haqini 2,5 foizga oshirish va 630 ga yaqin yangi xodimni yollashni o‘z ichiga oladi. Temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi Koreya milliy temiryo‘l korporatsiyasi bilan kelishuvga erisha olmadi.

Shanba kuni kechqurun ko‘cha kamerasidan olingan surat. Parlament oldidagi ko‘cha (uning binosi — orqa planda).Shanba kuni kechqurun ko‘cha kamerasidan olingan surat. Parlament oldidagi ko‘cha (uning binosi — orqa planda).

Doniyor prezident qarori va uning iste’foga chiqishi uchun nafaqat muxolifatdagi deputatlar, balki hukmron partiya vakillari, diniy tashkilotlar, talabalar, shuningdek, turli assotsiatsiyalar: huquqshunoslar, advokatlar, jurnalistlar ham qarshi chiqqanini ta’kidladi.

“Prezident qaroriga hatto Seul meri ham qarshi chiqdi. Biz (o‘zbekistonliklar — tahr.) uchun bunga ishonish qiyin, lekin merni xalq saylagan va u xalq oldida javobgar”, — dedi Doniyor.

Koreya Respublikasida harbiy holat joriy etilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgach, unga o‘zbekistonlik do‘stlari, hamkasblari va qarindoshlari yozishni boshlagan. Ular Seuldagi zirhli texnikalar bilan bog‘liq suratlardan ko‘proq xavotirda bo‘lgan, ular tarmoqda faol tarqaldi. Keyinroq ular feyk bo‘lib chiqdi.

Doniyorning aytishicha, uning ko‘plab o‘zbekistonlik tanishlari Rossiya Telegram kanallaridan yangiliklar olishadi. Uning fikricha, bu kanallar o‘z izohlari bilan vaziyatni yanada keskinlashtirib yuborgan.

“Hammasi tinchlik bilan tugaganida, ularning ba’zilari hatto hafsalasi pir bo‘lgan ohangda postlar ham yozdi, chunki ularning tushunchasiga ko‘ra, armiya va politsiya har doim xalqni emas, prezidentni himoya qilishi kerak”, — dedi u.

Namoyishchilar harbiy holat e’lon qilingan kunning ertasiga ertalab parlament oldida to‘plandi. Foto: “Gazeta.uz”.Namoyishchilar harbiy holat e’lon qilingan kunning ertasiga ertalab parlament oldida to‘plandi. Foto: “Gazeta.uz”.

Toshkentlik koreys millatiga mansub Yakov Golovlyov Koreya Respublikasiga 2,5 yil oldin kelgan. Hozir u so‘nggi voqealar markazi bo‘lgan Seuldan 2−3 soatlik masofada joylashgan Kyonju shahrida yashaydi va bolalar kasalxonasida tarjimon bo‘lib ishlaydi.

“Hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi. Men Seuldan uzoqda, mamlakatning boshqa qismida yashayman va bu shahrimizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Odamlar shunchaki ishga ketdi, hammasi odatdagidek edi. Agar harbiy holat joriy etilishi va norozilik namoyishlari tufayli men uchun qayg‘urayotgan qarindoshlarim va do‘stlarim yozishni boshlamaganlarida, hatto bu voqealar haqida bilmagan bo‘lardim. Harbiy holat kundalik hayotga unchalik ta’sir qilmadi”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Koreya Respublikasi demokratik mamlakat bo‘lib, bu yerdagi odamlar o‘z noroziliklarini erkin ifoda etishlari: ish haqini oshirishni talab qilishlari yoki yangi qonun loyihasiga qarshi norozilik bildirishlari mumkin.

“Prezidentning, jamiyatdagi kayfiyatga qaraganda, shundoq ham obro‘si baland emasdi, shuning uchun, menimcha, u o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xorijliklar, Yakovning so‘zlariga ko‘ra, xavotirlanmasa ham bo‘ladi — mamlakatni istalgan vaqtda tark etishlari mumkin, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda esa o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga mamlakatlar elchixonalari ko‘maklashadi.

Voqealar Seulda sodir bo‘lgani haqida otasi 2012-yildan beri Koreya Respublikasiga vaqti-vaqti bilan borib-keladigan talaba A.L. ham gapirib berdi. Hozirda erkak Seuldan 82 km uzoqlikda joylashgan Chonan shahrida yashaydi va zavodda brigada boshlig‘i bo‘lib ishlaydi.

“Men otamga tun bo‘yi yozdim, lekin u uxlab yotardi. Otam uyg‘onganida harbiy holat joriy etilganidan hatto bexabar edi. U [o‘z shahridagi] hech narsa o‘zgarmaganini aytdi — hammasi Seulda sodir bo‘lgan. Ertasi kuni u shunchaki ishga ketdi, hech qanday dam olish kuni berishmadi”, — dedi A.L.

Talabaning o‘zi O‘zbekistonda bo‘lib, tun bo‘yi yangiliklarni kuzatib, vaziyatni kuzatib borgan.

“Men umuman uxlamadim, ertalab soat 6 ga yaqin, prezident aloqaga chiqqani va harbiy holat bekor qilingani ma’lum bo‘lgach, xotirjam uxlagani yotdim. Dadam Koreyada yolg‘iz. Men qandaydir yordam bera olishim dargumon”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Namoyishchilar harbiy holat e’lon qilingan kunning ertasiga ertalab parlament oldida. Foto: “Gazeta.uz”.Namoyishchilar harbiy holat e’lon qilingan kunning ertasiga ertalab parlament oldida. Foto: “Gazeta.uz”.

Dekabr voqealari 2024-yil avgust oyida Toshkentdan ko‘chib borgan Seuldagi Ixva ayollar universiteti talabasi M.A. uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Uning yotoqxonada birga yashaydigan mo‘g‘ulistonlik dugonasi namoyishlarga guvoh bo‘lgan.

“Qo‘shnim o‘sha kuni ishda edi. U uyiga qaytayotganida, asosiy ko‘chalar yopilgan, hamma joyda tartibsizlik”. Milliy majlis (parlament) oldida aholi yig‘ilib, maxsus kuchlarni binoga kiritmaslikka harakat qildi. Dugonasi yotoqxonaga qanday qaytib kelib qolganini eslay olmaydi.

Ikkala qiz ham qo‘rquv va xavotirda, chunki vaziyat yomonlashsa, mamlakatni tark etish qiyinlashishi mumkin edi. M.A. parlamentga yaqin joylashgan ko‘chalardan uzoqroq yurishga harakat qilishini ta’kidlaydi.

“Mening birdan-bir yo‘lim yotoqxonani tark etmaslik edi. Chet ellik sifatida mitinglarda ishtirok etish jiddiy oqibatlarga, hatto deportatsiyaga olib kelishi mumkinligini tushunardim”, — deb tushuntiradi u.

Shu bilan birga, M.A. koreys deputatlarining jasoratidan hayratda qolgan. “Kech bo‘lishiga qaramay, ular qo‘riqchilar orqali [parlamentga] kirib olishdi”, — dedi qiz.

Talabaning qo‘shimcha qilishicha, Koreya Respublikasi uchun xos bo‘lmagan harbiy holat joriy etilgani haqida aholiga xabar berilmagan.

“Bu yerda har qanday favqulodda vaziyatlarda, hatto qor yoqqanda ham, odatda telefon orqali xabar beriladi. Bu yerda esa harbiy holat joriy etildi, lekin hech qanday ogohlantirish bo‘lmadi. Biz hammasini jonli efirdagi yangiliklardan bilib oldik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertasi kuni shaharda norozilik namoyishlari davom etgan, ammo aholi uchun ish kuni o‘zgarishsiz qolgan. Restoranda smena asosida ishlaydigan dugonasi dam olishga qaror qilgan.

Eslatib o‘tamiz, butun Seul bo‘ylab o‘rnatilgan ko‘cha kuzatuv kameralari o‘tgan kunlar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani uzmasdan davom ettirdi. Bu namoyishlarning ko‘lamini, ularning qanday tashkil etilganini, shuningdek, vaqti-vaqti bilan namoyishchilar yurishi uchun harakatni cheklab qo‘ygan politsiyaning muvofiqlashtirilgan ishini baholash imkonini beradi.