Janubiy Koreyaning 6 ta muxolifat partiyasi prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilgani, keyin esa uni bekor qilgani ortidan uni impichment qilish bo‘yicha Milliy majlisga (parlamentga) taklif kiritdi, deb xabar bermoqda Yonhap va Reuters.

Parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan asosiy muxolifatchi “Toburo” demokratik partiyasi va beshta kichikroq partiya petitsiya berdi. Hujjatni 191 nafar muxolifatchi deputat imzoladi, hukmron “Xalq kuchi” partiyasi vakillari uni qo‘llab-quvvatlamadi.

Muxolifatdagi partiyalar 5-dekabr kuni parlament yalpi majlisida taklifni taqdim etishni va keyingi ikki kunning birida ovozga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Mudofaa vaziri Kim Yon XyonMudofaa vaziri Kim Yon Xyon

Muxolifat, shuningdek, mudofaa vaziri Kim Yon Xyonga impichment e’lon qilmoqchi edi, ammo u iste’foga chiqdi. U mamlakatda harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq barcha hodisalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi. Yonhap ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Kim Yon Xyon prezidentga mamlakatda harbiy holat e’lon qilishni taklif etgan.

Impichment jarayoni qanday o‘tadi?

Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi ovoz berishi kerak. “Toburo” va demokratik alyans parlamentda 176 o‘ringa ega, shuning uchun muxolifatga hukmron partiya deputatlaridan yana sakkiz ovoz kerak bo‘ladi, deya aniqlik kiritdi Yonhap.

Agar parlament impichmentni ma’qullasa, prezident Konstitutsiyaviy sud qaror chiqarmaguncha o‘z vazifasini bajarishdan chetlatiladi. Buning uchun olti oygacha vaqt ajratiladi.

Davlat rahbari vazifasini bajarish bosh vazirga o‘tadi. Agar prezident impichment natijasida lavozimidan chetlatilsa yoki iste’foga chiqsa, yangi saylov 60 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

3-dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat e’lon qilgandi. U buni muxolifatni o‘z ichiga olgan “Shimoliy Koreyaga xayrixoh kuchlarni yo‘q qilish” niyatida ekani bilan izohlagan. Mamlakat Milliy majlisi (parlamenti) deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, tegishli rezolyutsiya qabul qildi.

4-dekabrga o‘tar kechasi Janubiy Koreya vazirlar mahkamasi mamlakatda harbiy holatni bekor qilishni ma’qulladi. Janubiy Koreyaning muxolifat partiyalari parlamentga mamlakat prezidenti va mudofaa vaziriga impichment e’lon qilish bo‘yicha taklif kiritdi.

Bu voqealar fonida prezident Yun Sok Yol parlamentning shu mazmundagi ovoz berishidan so‘ng mamlakatda avval e’lon qilingan harbiy holatni bekor qilishini aytdi.

“Gazeta.uz” bugun tongda Seulda vaziyat tinch ekani haqida yozdi va u yerdan suratlar e’lon qildi. Parlament binosi oldida kechasi boshlangan namoyish davom etayotgandi. Odamlar prezidentni iste’foga chiqishga chaqiruvchi plakatlarni ushlagan.