O‘rmon xo‘jaligi agentligining O‘rmonzorlarni barpo qilish va qayta tiklashni monitoring qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Xojimurod Tolipov “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida Surxondaryoda esadigan afg‘on shamoli oqibatida yuzaga keladigan qum-chang bo‘ronlarini qanday yumshatish borasidagi rejalar haqida gapirdi.
Ar-Riyodda o‘tayotgan COP16 konferensiyasi doirasida agentlik vakili 10 ga yaqin mamlakat, xususan, Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy, Rossiya mamlakatlari vakillariga Surxondaryo viloyatining Termiz tumani va unga tutash bo‘lgan hududlarda har yili esadigan Afg‘on shamoli va uning oqibatida ro‘y beradigan qum-chang bo‘ronlarini oldini olish bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan rejalar borasida taqdimot qildi.
Uning aytishicha, keyingi yillarda ushbu hududda qum-chang bo‘ronlari kuzatilishi keskin ko‘paygan. Kuzatuvlarga qaraganda bir yilda 70 kungacha mana shunday hodisa sodir bo‘ladi. U boshlanishi bilan bir-ikki soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin.
“Bunday qum-chang bo‘ronlari o‘sha yerdagi infrastrukturaga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligiga va inson salomatligiga juda jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning oqibatlarini oldini olishning birdan bir yo‘li — yerdagi namlik darajasini oshirish kerak. Quruqlik ko‘pligi tufayli salgina shamol bo‘lsa ham qum bo‘ronlari ko‘tariladi. Shuning uchun ham biz ko‘proq yashil hududlarni barpo qilishimiz kerak”, — dedi agentlik vakili.
Xojimurod Tolipov bunga misol sifatida Termiz shahri yaqinida atrofi qumliklardan iborat, o‘simlik deyarli o‘smaydigan joyda qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” mavzesini keltirdi. Uning aytishicha, ko‘p qavatli uylar atrofidagi 85 gektar maydonda ko‘chma qumliklar yo‘lini to‘xtatish uchun 4−5 qator qilib eldor qarag‘ayi, qayrag‘och va tut ko‘chatlaridan iborat bo‘lgan yashil himoya to‘sig‘i ekilgan. Yana to‘rt gektar qumli yerda sug‘orish tizimi yaratilib, uni sinovdan o‘tkazilgan.
Mutaxassis bu ishlar 2023-yilning dekabr oyida boshlangani, hozirda daraxtlarning ko‘karuvchanligi yaxshiligi va to‘liq yashil to‘plam hosil qilganini ta’kidladi.
“Bu natijaga qanday erishdik? Qumlik yerda uni o‘yib, boshqa joydan gumus (tuproqning organik moddalarga boy qatlami) va gidrogen soldik. Bilasiz, qumda ko‘chat eksa, shamol uni uchirib ketadi. Biz shularni ham e’tiborga olib qalinroq qilib ekdik. Odatda, bu ko‘chatlar cho‘l hududlarda 10×2 qilib ekilardi, biz bu yerda 4×1 sxemani tanladik. Qo‘shimcha ravishda qalin qilib saksovul ko‘chatlarini sochdik. Bular albatta chang zarrachalarining atmosferaga yoyilishini to‘xtatadi. Biz ularni yog‘ingarchilik boshlanishi arafasida ekdik va shu tufayli 80 foizlik natijaga erishdik”, — dedi u.
Orolbo‘yida olib borilgan kuzatuvlarga ko‘ra, ikki yoshli ko‘chat shamol tezligini 20 foizga qaytarishga yordam beradi, u besh yoshga yetganda 80 foizga va yetti yoshida to‘liq to‘xtata oladi.
Foto: “Gazeta.uz”.
2023-yilning may oyida Termizda kuzatilgan chang bo‘ronlari.
“Qum-chang bo‘ronlarini asosiy sababchisi bu shamol. Shuning uchun yerdagi o‘simlik qoplamasini ko‘paytirsak, shundagina shamol to‘xtaydi. Bundan tashqari, bu o‘simliklar havo sifatini yaxshilashga ham xizmat qiladi. Afg‘on shamolining oldini olish uchun yana Termiz shahri, Termiz, Angor va Qiziriq tumanlarida 1450 km masofada Amudaryo qirg‘og‘i bo‘ylab sug‘oriladigan hududida yashil himoya to‘siqlari qilish zarur”, — dedi boshqarma boshlig‘i.
“Bugun taqdimot qilishdan maqsad ham shu hududlarni loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy yordam va hamkorlik izlashdan iborat edi. Respublika budjetidan ham mablag‘ ajratiladi, lekin maydon katta, kamida 1000 gektarlik bo‘lishi kerak”, — dedi Xojimurod Tolipov.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi vakili ularga loyihaning ishonchligiga isbot sifatida Orolbo‘yida yaratilgan yashil qoplamalarni misol keltirgan.
“Xabaringiz bor, u yerda 3 million gektardan ortiq maydon qurigandi. Biz u yerga har yili 15−20 ming gektardan ekardik, 2019-yildan boshlab u yerda 500 ming gektar yashil qoplama paydo bo‘ldi. Biz mana shunday ishni Surxondaryo viloyati hududida ham amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz va xalqaro tashkilotlarning e’tiborini qaratishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.
Avvalroq Gidrometeorologiya xizmati agentligi O‘zbekiston hududida sodir bo‘luvchi chang bo‘ronlariga sababchi tashqi va ichki omillar haqida ma’lumot berarkan, ular orasida Shimoliy Afg‘onistonning cho‘l hududlaridan keladigan afg‘on shamolini ham sanagandi.
Oktabr oyida prezident so‘nggi paytlarda mamlakatda chang bo‘ronlari tez-tez kuzatilayotganini alohida ta’kidlagandi.
Avvalroq COP16 konferensiyasi doirasida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda besh yilda 2 mln gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashi kerakligi haqida gapirgan. Uning aytishicha, bunday loyihalar katta moliyaviy resurslar talab qiladi. Vazir COP16 doirasida xalqaro moliyalashtirishni osonlashtirish bo‘yicha takliflarini bildirgan.