Buxoro shahrining tarixiy qismida skuterlar, mopedlar, velosipedlar va boshqa shaxsiy harakatlanish vositalarining harakati cheklandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.
Tegishli hududlarga yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Endilikda, bu kabi transport vositalarida harakatni taqiqlovchi yo‘l belgilari bor joyda harakatlanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Avtomobillarning mazkur hududda harakatlanishiga avtomobillarning qatnovi tarixiy merosga zarar yetkazishi, qolaversa, bu hududda harakatlanayotgan ko‘plab sayyohlar va mahalliy aholi vakillariga xavf tug‘dirishi mumkinligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Buxoro viloyati YHXB matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga qo‘shimcha qilishicha, shaharning tarixiy hududida, shuningdek, inson kuchi bilan harakatlanadigan aravalar ham taqiqlangan.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangilangan 138-moddasiga (piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish) ko‘ra, skuterlar va shaxsiy harakatlanish vositalarini (mopedlar va velosipedlar, ot-aravalarni boshqarayotgan va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslar kabi) boshqarayotgan shaxslar tomonidan yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmaslik, ustunlik yo‘l belgilari, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya qilmaslik bazaviy hisoblash miqdorining 1/3 qismi (hozirda 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shaxsiy harakatlanish vositalari va skuterlar, shuningdek, mopedlar va velosipedlar belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ushbu talabni buzganlik uchun BHMning 0,5 baravari (187,5 ming so‘m) miqdorida jarima nazarda tutilgan.
Shaxsiy harakatlanish vositalari va skuter haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ham xuddi shunday jarima qo‘llaniladi.
Skuter va shaxsiy harakatlanish vositasini (shuningdek moped, velosiped yoki arava haydovchi) boshqaruvchi shaxs tomonidan alkogolli ichimlik, giyohvand modda ta’sirida yoki boshqa turdagi mastlik holatida yo‘l harakati qoidalarini buzish BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Skuter yoki shaxsiy harakatlanish vositasini (moped va velosiped kabi) boshqarayotgan shaxs tomonidan mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish (136-modda bilan to‘ldirilgan) BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.