O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 2025-yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladigan manzil o‘zgargani yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi. O‘yinlarni Toshkent qabul qilishi kerak edi, biroq dushanba kuni Osiyo olimpiya kengashi (OCA) mamlakat arizani qaytarib olganini ma’lum qildi.
Bayonotda aytilishicha, OCA ijroiya qo‘mitasi onlayn yig‘ilishda MOQ va O‘zbekiston Sport vazirligining so‘rovini ko‘rib chiqqan.
“Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni so‘radi”, — deyiladi bayonotda.
“Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari 2025-yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi”, — deya ta’kidladi MOQ.
Natijada III Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish huquqi Bahraynga topshirildi.
OCA O‘zbekistonga Islom birdamligi o‘yinlari yoki Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi kattalar miyosidagi yirik kompleks tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi.
MOQning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonga tashrif buyurgan OAK vakillari “mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho bergan”.
“Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi faqatgina yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun emas, majmuani kelgusida o‘zbek sportining taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy-metodik klasterga aylantirish ko‘zda tutilgan. Unda zamonaviy sport obyektlaridan tashqari Sport vazirligi, ko‘plab federatsiya va assotsiatsiyalar, sport akademiyasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi kabi inshootlar ham o‘rin olib, bu maskanda terma jamoalarimizni tayyorlashdagi nazariya va amaliyot birlashadi”, — deyiladi xabarda.
“O‘zbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu ma’noda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi ta’minlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini o‘tkazishga har tomonlama tayyor bo‘ladi”, — deyiladi MOQ xabarida.