Toshkent shahrida Malibu-2 qarama-qarshi yo‘nalishlar o‘rtasidagi temir ustunga urildi. Bu haqda shahar IIBB xabar qildi.
2024-yilning 16-noyabr kuni soat 00:10 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 50-uy qarshisida, haydovchi 2004-yilda tug‘ilgan Sh. M. Malibu-2 avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir ustunga to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH oqibatida avtomashina haydovchisi va 2004-yilda tug‘ilgan yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, 15-noyabr kuni soat 22:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘ G‘ulomov ko‘chasi 8/1-uy qarshisida haydovchi 1988-yilda tug‘ilgan D.A. Cobalt avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH oqibatida haydovchi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.