Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz koni quduqlaridan birida 1-sentabr kuni burg‘ilash ishlari vaqtida texnogen falokat yuz bergan edi, sentabr o‘rtalarida “Gazeta.uz” jamoasi u yerdan reportaj tayyorlagan edi. Tahririyat a’zolari 1−2-noyabr kunlari yana bir bor hodisa joyida bo‘lib, avariyadan ikki oy o‘tib, hududdagi ahvol qanday ekani bilan tanishib qaytdi.
Avariya oqibatida quduqdan tarkibida yuqori darajada vodorod sulfidi (oltingugurt) bo‘lgan gaz sizib chiqa boshlagan edi. Shu sababli mahalliy aholi evakuatsiya qilingandi. Avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari ikki hafta davom etgan. 15-sentabr kuni gaz sizib chiqishi to‘xtatildi, ammo oradan ikki kun o‘tib, quduqda yangi avariya yuz berdi. Buning oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi turli darajada tan jarohati oldi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 18-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda konni “murakkab” deb atagan edi. Vazir oktabr boshida “Lolazor” podkastidagi chiqishida quduqdagi avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun bir necha oy vaqt ketishi mumkinligini ta’kidlagandi.
Boysunliklarning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri vaziyat jiddiy o‘zgargani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda gaz va uning hididan nafaqat Boysun aholisi, balki Surxondaryoning boshqa tumanlari ham aziyat chekayotgani haqidagi xabarlar, e’tirozlarni hamon uchratish mumkin.
Oktabr oxirida falokat joyidagi burg‘ilash minorasi olib tashlanganini tasdiqlovchi, noyabr boshida esa yirik yong‘in bo‘layotganiga doir videoyozuvlar tarqaldi.
“Avval tasvirlarda biz ko‘rgan temir inshoot olib tashlangan, — deya xabar berdi M-25 koni yaqinidagi Kofrun shaharchasi „Ko‘lqamish“ mahallasida bo‘lib qaytgan „Gazeta.uz“ muxbiri Otabek Turdiyev. — Quduqdan hali hamon zaharli gaz, vodorod sulfidi sizib chiqishi davom etayotganini ko‘rish mumkin. Yondosh tomondan ikkita tuynuk ochilib, gaz yoqib qo‘yilgan”.
Mish-mishlar va mavhumlik
Mahalliy aholi hali ham “boysunliklarni yoppasiga ko‘chirisharmish” kabi mish-mishlar va “Boysunda qurilish qilish, uy solish tavsiya etilmaydi deb yozilgan varaqalar tarqatilyapti ekan” qabilidagi tasdig‘i yo‘q xabarlar ichida yashayapti. Asossiz gap-so‘zlarning salbiy ta’siri o‘ziga yarasha, ammo gazning ziyoni yaqqol ko‘rinadi.
Rasmiylar bu gazning odamlarga ziyoni yo‘qligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, aholidan xavotir arimagan. Boysundagi ayrim xonadonlarning oppoq qismlari, oq plastik qoplamalari gazdan qorayib ketgan. “Shiftlar qop-qorayib ketdi. Organlarimizda nima bo‘lib yotibdi — ko‘rinmasa endi”, — deydi kofrunlik otaxonlardan biri.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, shamol har kuni ikki-uch marta gaz hidini olib keladi. Boshqa bir otaxonning qo‘shimcha qilishicha, ba’zan, shamol yo‘nalishiga qarab, besh-olti martalab ham keladi.
“Ana, gazning ovozi kelib yotibdi. Hammaga chiq dedi, hamma qocha-qoch bo‘lib, chiqib ketdi. Menda besh-olti mol bor edi, shuning evaziga hech qayerga chiqqanim ham yo‘q”, — deydi u.
Ular bir muddat avval davlat OAVlarida berilgan (xususan, “Gazeta.uz” reportajlarida berilgan axborot shubha ostiga olingan) materiallar bo‘yicha izoh berishni istamadi.
“Ana shular rasvo qilib ketdi. Nima degan bo‘lsa — dedi. Uning gapiga biror narsa deya olmaymiz — u katta, zo‘r odam ekan”, — dedi u.
Endi nima qilmoqchisizlar, degan savolga, u kulib, shunday dedi: “Qo‘limizdan nima ham kelardi? Bir joyni yopolmasak, oldiga yaqinlashtirmasa. Aylanib yuribmiz, hozir tushlik qilgani boramiz”.
Sentabrdagi birinchi avariyadan so‘ng kofrunliklarning bir qismi Boysundagi texnikumlarning yotoqxonalariga ko‘chirilgandi. Oradan ikki oy o‘tsa hamki, ular yotoqxonalarda yashayapti.
Odamlar yotoqxonada yashashda davom etyapti
“Birinchi portlashdan keyin, o‘sha kecha Boysunda bir oshnamiznikida besh xo‘jalik yotdik. Mazam qochib qoldi, bir uyda 50 kishi yotishi — uyat, deb shundan beri balnisayu go‘r-gumroh aylanib yuribman, — deydi Orzuxol Sodiqova. — Bu yerga kelganimga bir oy bo‘ldi. Gaz hamma joyimga ta’sir qiladi, chunki yuragim kasal, qon bosimim bor, 46 yildan beri surunkali bronxit va astmadan aziyat chekaman. Bolalarim mashina bilan uyoqqa olib qochdi, buyoqqa olib qochdi — u joylarda bir daqiqa ham turolmadim — oxiri o‘zim kollejga tiq, dedim”.
Yotoqxonada yashayotgan homilador ayollardan biri bolalari uchun chidab, shu yerda qolayotganini aytdi.
“Menga zarilmi homilador holimda shu kollejda yashash? Kvartiraga chiqsangiz ham, kamida 2 mln so‘m so‘raydi. Har xil gap bo‘lyapti, ba’zilar: „Bular ovqat uchun shu yerda yotibdi“, deyapti. Shuncha yilgacha o‘zimizning xo‘jayinimiz boqib kelgan-ku. Qotgan nonimizni yesak ham, o‘z uyimizda yeb o‘tirsak, o‘sha yaxshi”, — dedi u shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan.
Ko‘p bolali boshqa bir ona uyiga qaytib borsa, bolalari gazdan zaharlanib, yo‘talib, qayt qilib qolgani, boshi qattiq og‘rigani va uch kungacha hech narsa tanovul qila olmaganini aytdi.
“Suvdan boshqa hech narsa ichmaydi, yemaydi. Ikki kun ichi ketdi. Kechadan beri ikkita chaqalog‘imning isitmasi chiqib, yarim kechasi, soat 3 da nafasi qaytib qoldi”, — deydi u yig‘lamsirab.
Uning aytishicha, xo‘jayinining kartasiga besh oydan beri ish haqi tushmaydi: “Xo‘jayinim Enter’da ishlardi (M-25 zavodini Enter Engineering kompaniyasi quryapti — tahr.). Oylik bermaganidan, mana, Toshkentga ketdi. 5,7 mln so‘m oylik berardi, shuning ham yarmini, uch oyda bir. [Kompaniya] bolalarimning haqini yeb, ishlagan ish haqini bermay yuribdi”.
“Qish kelyapti, sovuq tushdi, uy-joyda taraddud yo‘q. Qor yog‘sa, yomg‘ir yog‘sa, bolalarimni xonadan chiqarmay olib o‘tiraman, [chunki sovuq]”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Bu yerda yashayotganlarning maktab yoshidagi farzandlari darsga qatnayaptimi, degan savolga 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan bolalarga Boysun ko‘p tarmoqli texnikumining bir xonasida umumiy tartibda saboq berilyapti, degan javob oldik.
Turmush o‘rtog‘ini ko‘rgani shifoxonaga qatnayotgan Oybibi Yo‘ldoshevaning aytishicha, eri Abdunazar Muhammadiyev Kofrundagi hovlisiga borib, gazdan zaharlanib, tobi qochgan. Abdunazar akaning aytishicha, avariyadan so‘ng ular 24-kollejda vaqtincha yashab turgan. Yaqinda uch kunga uyiga borib, ahvoli yomonlashgan, shuning uchun shifoxonada yotibdi.
“Qishloqni sog‘indim, dedi. Keyin borib o‘tirib edik, kechasi gaz yomon chiqdi, — deydi Oybibi Yo‘ldosheva. — Eshik-derazamiz plastik emas, oddiy yog‘och, shundan o‘tib, xona juda gazlangan ekan. Besh kundan beri shu yerda davolanyapmiz. Har kuni 300−400 so‘mlik dori-darmon olib kelyapman. Birov holing qanday deyotgani yo‘q”, — deydi ayol.
“1-sentabrda gaz portlaganidan beri ko‘chada sarson bo‘lib yuribmiz-da. Yarmimiz qishloqda, yarmimiz Boysunda. Homilador kelinlarimizni hech joyda saqlolmadik — Bandixonga yuborgandik, gazning hidi u yerga ham bordi, uyoqning shifokori bu yer bo‘lmaydi, kelinning [homila] suvi loyqalangan, debdi. Shu bilan, ota-onasi Toshkentda edi, uni Toshkentga jo‘natib yubordik. Uch kun bo‘ldi Toshkentdan kelganiga. Endi bolali bo‘lishi kerak — qayerda bolali qilib, qayerga olib borishimni bilmay o‘tiribman gazni deb”, — deydi Oybibi opa.
“Hozir kelinimning ahvoli o‘rtacha yaxshi, lekin uch kundan beri qishloqda, xonada o‘tiribdi. Mol-holim bor, xo‘jayinim bu yerda kasal, bu kishi bilan men bu yerda yuribman, kelinim xo‘jayini bilan qishloqda molga qarab o‘tiribdi. Kechasi gaz keladi, 2−3 gacha uxlamayapmiz, deydi. Sham yoqib o‘tiribdi. Undan tashqari, daftar, qog‘ozlarni oldiga tayyorlab, gugurt bilan shay o‘tiradi, bir tavoqda yoqib, uch-to‘rtta marta aylantirib, xonani [gazdan] tozalaydi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasalxonada ham, yotoqxonada ham, qishloqda issiqlik ta’minoti yo‘q. Kasalxona ma’muriyati bemorlarga o‘zlarining elektr isitgichlarini olib kelib, foydalanishga ruxsat bergan.
“Qarayapti, rahmat. Yeyish-ichishimizni, yotoqxonadan joyni qilib berdi. Lekin gaz-zavodning kattalari kelib, vaziyat shunday bo‘lyapti, biror joydan joy qilib beraylik, kompensatsiya puli beraylik, degan gap aytgani yo‘q. Ovqatini gapirmasin bizga. Uy-joyimiz, molimiz, o‘zimiz sarson. Bir xil qari, yurolmaydiganlar qishloqdan chiqqani ham yo‘q. Gazlasa ham, boshqa qilsa ham, yotibdi bir kunini ko‘rib, ilojim yo‘q, deb”, — deydi u.
“[Rasmiy doiralarga yaqin OAVlarga intervyu bergan] bobolar „gaz yo‘q“ deb gapiraveradi — gaz sasib yotibdi, o‘sha bobolar ham uyida, nima qilsa ham kunini ko‘ryapti. U kelgan muxbir qishloqni aylanmadi. Yoshlardan so‘rasin edi. Qarilarning bo‘lgani bo‘ldi — yoshlar qayerga boradi?”.
Boysundagi shifoxonada gazdan zaharlangan bemorlarga sun’iy nafas berish chog‘ida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotgani haqida ham xabarlar tarqalgandi. Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Bohodir Normamatov bunga shunday izoh berdi: “Svetdan hech qanday muammo yo‘q. 840 kilovattlik generatorimiz bor… Svet hech qanaqasiga o‘chgani yo‘q. Avariya bo‘lgan taqdirda ham generator ishlaydi”.
Hamshiralarning aytishicha, elektr ta’minoti odatda tushlik vaqti uziladi. Bunday vaziyatlarda ular bemorlarga osma-ukollar bilan yordam ko‘rsatadi, chunki elektr talab qiluvchi uskunalardan umuman foydalanish imkoni bo‘lmaydi.
Kasalxonaga kuniga o‘rtacha 20 bemor keladi. Gaz sizib chiqishi kuchaygan vaqtda bemorlar soni ham oshadi. Muxbirlar kasalxonada bo‘lgan kuni tibbiyot muassasasi 5 bemorni qabul qilib ulgurgan edi. Hamshiralarning qayd etishicha, sun’iy nafas berish qurilmalari yetarli, sun’iy nafas olmay ketgan biror bemor yo‘q.
“Gazeta.uz” muxbirlari bemorlar bilan ularning ahvoli va umuman kasalxonadagi sharoitlar haqida gaplashmoqchi bo‘lganida, gapni tibbiyot xodimlari olib ketdi.
“Masalan, boylar ketyapti, kambag‘allar qolib ketyapti. Xalq juda ham aziyat chekyapti, — deydi kichik tibbiyot xodimlaridan biri. — Chora ko‘rsin. Bu nima degan gap — xalq qachongacha bunday qiynalib, zaharlanib yashaydi? Vaqti kelib, u har bir organizmni bitta-bitta o‘ldiradi. Bu hech narsa qilmaydi, deb ikkita odamni intervyu berdirib, yolg‘on-yashiqni chiqarib… Bu nima degan gap? Sharoit qilsin. Yopsa yopsin, chorasini ko‘rsin. Quruqning gapning nima keragi bor?”.
Hamshiralardan birining qo‘shimcha qilishicha, birinchi portlashdan keyin ular ishlayotgan shifoxonaga rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilganidan ko‘proq jabrlanuvchi olib kelingan.
“280 atrofida keldi, deyildi. Aslida 2800 dan ko‘proq bemor kelgan-da. Boshida juda ko‘p kelgan, soniyama-soniya kelib qolgandi. Bular esa intervyu bermay, yashirdi… Men o‘zim homiladorman. Juda boshim og‘ridi, besh kun ginekologiya kasalxonasida yotib chiqdim. Boshimning og‘rig‘i deyarli qolmadi. Gaz hidi kelsa, tomoq yo‘lim qichib qolyapti. Nafas ololmay qolyapman. Qanday tug‘aman endi, bilmadim. Hammasi Xudodan”, — dedi hamshira.
Uning qo‘shimcha qilishicha, davo chorasi sifatida ko‘proq organizmni yuvadigan osma-ukollar, masalan, natriy-xlorid qilinyapti. Bemor nafas olishga qiynalsa, kislorod beriladi.
“Shifokor „qizingiz gazdan zaharlangan“, dedi, — deydi kasalxonada farzandlari bilan birga davolanayotgan Rayhon Qosimova. — Biz faqat tomchi dori bilan tabletka berib ketamiz, lekin qizingizga osma-ukol qilish kerak, kislorod olishi kerak, dedi. Kechasi 20:30 da tez yordamga keldi. Yarim soat kislorod quydi, keyin osma-ukol yozib berdi. Olishga qurbingiz yetadimi, dedi. Yetadi, dedim, bolam uchun boshqa nima ham qilaman? Dorixonaga borib, 250 ming so‘mga olib keldim”.
“Qishni qanday o‘tkazamiz?”
“Bular hammani ovora qildi, sarson qildi. Bitta gapni aytsa, „bo‘lmaydi endi, ketinglar“, desa, odamlar majburlikdan ketadi, ilojini boricha. Og‘aynilarnikiga ham bir marta borib keldik. Ularnikiga ham 10−15 kun sig‘asiz, keyin sig‘maysiz. „Mehmondorchilik ham uch kun“ deydi-ku. Topgan pulimiz ukol-dori, yo‘lkiraga ketyapti. Yeyotganimiz yo‘q, bolalarimizni kiyintirayotganimiz yo‘q. Bergan narsasi uyimizda turibdi, uni huzurlanib yegingiz kelmaydi. O‘zingiz bozordan bir kilo go‘sht olsangiz, bolalaringizga shunday huzurlanib ovqat qilasiz, lekin bularning bergan go‘shti shunday turibdi — qovurgingiz ham kelmaydi, yegingiz ham kelmaydi, tomog‘ingizdan ham o‘tmaydi, turibdi shunday”, — deya qo‘shimcha qildi Rayhon opa.
Portlashlardan keyin eshikma-eshik sarson bo‘lib qolgan, oziq-ovqat bilan ta’minlanayotgan bo‘lsa-da, uyidan uzoqda — texnikum yotoqxonasida yashashga majbur bo‘layotgan kofrunliklarni hozir yana bir o‘y qiynayapti: qishni qanday o‘tkazamiz?
“Hozir mana eletkr-pechka ulab o‘tiribmiz. Ikki xonada o‘tiribmiz — bittasi isiyapti, ikkinchisi isimaydi. Kichkina nevaram bor, bu xonadan u xonaga o‘tib, shamollatib qo‘yyapman, — deydi Kofrunda yashovchi ayol. — Kofrunga kelin bo‘lib borganimga 20 yildan oshdi. Har doim tezak yo ko‘mir yoqqanmiz, gaz yo‘q. Faqat gaz-ballon olamiz. Qishloqqa 200 kilodan ko‘mir tarqatdi, lekin biz na tezak, na ko‘mir tayyorlaganmiz — hali qishga taraddud ko‘rganimiz yo‘q. Uyga borsak gazdan zaharlanib qolyapmiz, qaytib kelsak, uydagi ishlar qolib ketyapti”.
“Boysun o‘zining toza havosi bilan mashhur edi. Bugun shaharga yuqoridan bir nazar solsangiz, ko‘zingiz avvalgidan boshqacharoq manzarani ilg‘aydi: hududni qandaydir ko‘kimtir tuman qoplagandek… Boysunliklar esa hali ham muammolar haqida ochiq gapirishga cho‘chiyapti. Garchi tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, „gapirganga, video tarqatganga jarima solinyapti“, degan gap-so‘zlarning ta’siri seziladi”, — deydi reportaj so‘ngida jurnalist Otabek Turdiyev.
“Har ne bo‘lganda ham aholi orasida ortiqcha vahima, asossiz xabarlar bolalab ketmasligi uchun kunda-kunora vaziyat haqida rasmiy axborot berish, gaz tarqalgan mahalda ko‘rish zarur bo‘lgan choralar haqida ma’lumot ulashish maqsadga muvofiq ko‘rinadi”, — deya ta’kidladi u.
Boysundan tayyorlangan reportajning to‘lig‘ini, shuningdek, avariyadan ko‘p o‘tmay tayyorlangan birinchi reportajni YouTube’dagi sahifamizda ham tomosha qilishingiz mumkin.
Yangi reportaj
Birinchi reportaj