Toshkent shahri hokimligi poytaxt ko‘chalarida pulli to‘xtash joylarini boshqarish huquqi uchun savdolar o‘tkazmoqda. Bu haqda Spot xabar qildi.

Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunga quyidagi ko‘chalarning qismlari kiradi:

  • poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
  • Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘ponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
  • Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
  • Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
  • Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
  • Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
  • Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).

parkovka, to‘xtash joylari

Ijara muddati 3 yilni tashkil qiladi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida $5 mln sarmoya kiritishi kerak.

Avtoturargohdan tushgan tushumning kamida 1/12 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi kerak.

Yillik ijara boshlang‘ich narxi 57,21 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Toshkent shahri hokimi qarori bilan pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibi va transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari tasdiqlangandi. To‘lovlar tarif zonalariga ko‘ra bir soat uchun 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha etib belgilandi.

Munosabat

Moliyachi Otabek Bakirov “buni auksion deb atab bo‘lmaydi, bizga bir qo‘lli „parkovka“ monopoliyasi kerak emas”, deya yozdi o‘z Telegram kanalida.

Bunga sabab qilib poytaxtdagi “50 dan ortiq eng gavjum va likvidli ko‘chalar” bitta lotda savdoga chiqarilayotganini keltirgan. “Ya’ni “g‘olib” bitta ko‘cha yoki mavzedagi ko‘chalarni emas, butun shaharni “qo‘lga kiritadi”. Normal auksion sharoitida shahardagi bo‘lajak “parkovka”lar o‘nlab lotlarga bo‘linishi va ular o‘zaro bog‘lanmagan investorlarga taklif etilishi zarur. Bunda masalan, bir hududdagi Shevchenko, Chexov, Shahrisabz va Yakkachinor ko‘chalari bitta lotda emas, turli lotlarda savdoga qo‘yilishi va bitta qo‘lda jamlanmasligiga urg‘u berilishi kerak”, — deya yozdi Bakirov.

“Ikkinchidan, barcha ko‘chalar bitta lotga bog‘langani uchun auksionga kirish shartlari juda og‘ir va qimmat qilingan. Tabiiyki, qaysidir avvaldan kelishilgan g‘olibga moslashtirilgan bo‘lishi ehtimoli mavjud. 5 million dollarlik investitsiya shartini bajarish va boshlang‘ich narxi 57,2 mlrd so‘mlik yillik ijara narxini qabul qilishga jur’at etuvchi o‘nlab raqobatdosh biznes subyektlar topilmasligi aniq (sparring raqib rolini o‘ynab beradiganlar doim topiladi)”, — deya yozdi moliyachi.

“Lekin, aytaylik, lotlar 20 ta bo‘lsa, auksionga kirish investitsiyaviy shartlari 100 ming dollardan boshlansa, ishtirokchilar soni keskin ortadi. Tabiiyki, auksion ham keskin raqobatli bo‘ladi, ijara haqining narxi auksionda tezroq va ko‘proq oshadi, davlat ham karrasiga yutadi”, — dedi u.

“Uchinchidan, auksionlar oxirgi yillarda amaldorlar qo‘lidagi g‘irt manipulyatsiya vositasiga aylanib bo‘ldi. Bu haqda ichkarida emas, chetdagi ovozlar orqali ham ochiq gapira boshlashdi. Yer sotishdan tortib xususiylashtirishgacha qo‘llanilayotgan auksion jarayonida sun’iy ravishda qo‘shilgan byurokratik va korrupsion g‘ovlarni, raqobatni cheklovchi qoidalarni doimiy inventarizatsiya qilib borish vaqti allaqachon kelgan. Auksionlar shartlari masalan, Antikorrupsiya agentligi tomonidan korrupsiogenlik nazoratidan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan esa raqobatdoshlilik mezonlaridan o‘tishi majburiy bo‘lishi zarur”, — deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

“Umid shuki, Raqobat qo‘mitasi va Antikorrupsiya agentligi poytaxtda „parkovka“ monopoliyasini yaratishi mumkin bo‘lgan, belgilariga ko‘ra auksion deb atash qiyin bo‘lgan bu auksionni to‘xtatishadi”, — deydi Bakirov.

Pulli avtoturargohlar

2022-yil aprel oyida Transport vazirligi huzuridagi “Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyihalari boshqarmasi” direktori Murod Obidov 1-noyabrgacha Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli avtoturargohlarni joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.

Noyabr oyida islohotlarni amalga oshirish yil oxirigacha qoldirildi. Shu bilan birga, poytaxt transport boshqarmasi birinchi pulli avtoturargohlarning maket rejalarini e’lon qildi. 2251 ta avtomobilga xizmat ko‘rsatish uchun 57 ta parkomat o‘rnatish, 2 ta evakuator va 2 ta to‘xtash joyi va yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni nazorat qiluvchi elektron tizim (parkon) xarid qilish rejalashtirilgan edi.

2022-yil dekabr oyida Toshkent shahar hokimi o‘z qarori bilan Transport boshqarmasining avval e’lon qilingan sxemasi bo‘yicha birinchi yo‘l bo‘yida avtoturargohlar tashkil etishni ma’qulladi. Kasy Park kompaniyasi tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishi, markaziy ko‘chalarga avtoturargohlar o‘rnatishi kerak edi.

2023-yil fevral oyida O‘zbekiston prezidenti shaharning 20 ta ko‘chasida 10 mingta avtomobil uchun pulli to‘xtash joylari joriy etilishini ma’lum qilgan edi.

2023-yil noyabrda esa Muqimiy nomidagi teatr oldida avtomobillar uchun pulli, velosipedlar uchun esa bepul to‘xtash joylarini sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

“Gazeta.uz” bunga qadar ham Toshkentdagi tartibsiz avtoturargohlar muammolari haqida bir necha bor yozgan edi. Avtomobillar jamoat joylarini egallab, piyodalar yo‘laklarida piyodalar yo‘lini to‘sib qo‘yadi, jamoat transporti harakatiga to‘sqinlik qiladi, avtobus bekatlariga kirish va ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘yadi.