Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tele- va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar “ma’naviyat ekspertizasi”dan o‘tkazilishini e’lon qildi. Markaz rahbari Otabek Hasanov e’lon qilgan videolavhada aytilishicha, bunday tartib Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy media birlashmaning birgalikdagi qarori bilan joriy qilinmoqda.

Qayd etilishicha, ekspertizada “mediamahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’siri baholanadi”, “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘riladi” hamda “bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi”.

Markaz qaror matnini ham, mediamahsulotlarning “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’siri” qaysi mezonlar asosida baholanishini ham e’lon qilganicha yo‘q. Eng muhimi, markaz qaysi asoslarga ko‘ra, O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi va qonunlariga zid ravishda, senzura joriy qilayotgani bo‘yicha ham izoh bermadi. Lekin joriy qilinayotgan bu tartib “media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi” degan bayonot bilan chiqdi.

Markazning bayonotini tahlil qilishdan avval, keling, Konstitutsiya va qonunlar senzura haqida nima deyishini ko‘rib chiqaylik.

Markazning qarori qay darajada qonuniy?

O‘zbekiston Konstitutsiyasi OAVlar faoliyatiga aralashish, ularning erkinligini cheklash, senzura o‘rnatish, shuningdek, OAVlar faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi qonunosti hujjatlarini qabul qilishni aniq-tiniq qilib taqiqlaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasidan:

81-modda: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

82-modda: Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Demak, Konstitutsiya bo‘yicha, OAVlar erkin va ularning ishiga aralashish mumkin emas. “Ma’naviyat ekspertizasi” haqidagi qarorning to‘liq matni e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, markazning o‘zi e’lon qilgan bayonotlardan ravshanki, unda OAVlar ishiga bevosita aralashish ko‘zda tutilgan: ekspertiza qaysidir mezonlar asosida “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi” deb topgan mediamahsulotlarning efirdan olib tashlanishi choralari ko‘riladi.

Yana bir muhim jihat. OAVlar faoliyati qonunosti hujjatlari bilan emas, balki qonun bilan tartibga solinadi. Ma’naviyat va ma’rifat markazining boshqa idoralar bilan birgalikda qabul qilgan qarori — bu qonun emas. Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, vazirliklar va idoralar, agar ularga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsagina, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin. Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi negizida tashkil qilingan Ma’naviyat va ma’rifat markaziga ijtimoiy munosabatlarni, xususan, OAVlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolati berilmagan.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonundan:

5-modda: “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini, ommaviy axborot vositalarining mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi”.

7-modda: “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q”.

Demak, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun ham ommaviy axborot vositalarining erkinligini kafolatlamoqda, ularning faoliyatiga aralashish va senzura o‘rnatishni taqiqlayapti. Qolaversa, davlat OAVlarni davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilishni ham o‘z zimmasiga olmoqda.

Mazkur qonun mantig‘idan kelib chiqsak ham, Ma’naviyat va ma’rifat markazining “ma’naviyat ekspertizasi” bo‘yicha qarori noqonuniydir (chunki u bevosita OAVlarning faoliyatiga aralashish, senzura o‘rnatish, qaysidir materiallarning efirga berilishini cheklashni nazarda tutadi). Yuqorida iqtibos keltirilgan qonun moddasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, davlat OAVlarni markazning bu noqonuniy qaroridan va xatti-harakatlaridan himoya qilishi shart.

To‘g‘ri, OAVlar erkinligining ma’lum chegarasi bor — ular istalgan mediamahsulotni efirga bera olmaydi. Xuddi shu “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida qanday kategoriyadagi axborot tarqatilishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan. Bular: konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qiluvchi, urush, zo‘ravonlik va terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni, shuningdek, pornografiyani targ‘ib qiluvchi va boshqa bir qator turdagi (masalan, davlat sirlarini oshkor qiluvchi yoki fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashuvchi) materiallar.

Qonunda “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi” degan kategoriyalar mavjud emas. Demak, qaysidir materialni “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi” degan asosda efirdan olib tashlashni talab qilish — “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning buzilishidir.

Qolaversa, qonunda materiallarni ekspertiza qilish tartibi yoki qaysidir organ tomonidan bunday ekspertiza joriy qilinishi mumkinligi ham ko‘zda tutilmagan — materialni efirga berish yoki bermaslikni bosh muharrir hal qiladi (26-modda), OAV qonunni buzgan (masalan, qonunning 6-moddasi bilan taqiqlangan materialni efirga bergan) taqdirda uning ishini sud ko‘rib chiqadi (24-modda). Qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan.

Demak, yana bir marta ko‘ryapmizki, “ma’naviyat ekspertizasi” joriy qilinishi va bu ekspertiza natijalari bilan qaysidir materialning efirdan olib tashlanishini talab (tavsiya) qilish noqonuniydir.

Markaz nima deydi? Bir-biriga zid bayonotlar

Endi markaz rahbari e’lon qilgan video va markazning o‘zi keyinroq e’lon qilgan bayonot mazmunini tahlil qilib ko‘raylik. Chunki bu ikki xabarda bir-birini inkor qiladigan jihatlar mavjud.

“Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda „Ma’naviyat ekspertizasi“ loyihasi yo‘lga qo‘yilayotgani faol jamoatchilik vakillari tomonidan turlicha qarashlar bilan talqin qilinmoqda. Mazkur loyiha bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘sib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mediamahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilmoqda. … „Ma’naviyat ekspertizasi“ loyihasi media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi”.

Bundan oldinroq ham markaz tarqatgan xabarda “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘rilishi”, “bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib borilishi” aytilgan edi.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasiga ko‘ra, senzura — bu “bosmadan chiqadigan mahsulotlar, ularning chop etilishi, tarqatilishi ustidan, shuningdek, sahna asarlari, radio-eshittirishlar va televizion ko‘rsatuvlar, ba’zida esa shaxsiy yozishmalarning mazmuni va ijrosi ustidan rasmiy hokimiyat organlarining nazorat o‘rnatishi”.

Kembrij lug‘ati “senzura” tushunchasiga quyidagicha ta’rif beradi: “kitob, film, san’at asari, hujjat yoki boshqa turdagi xabarlarning bir qismini yoki to‘lig‘icha, uning axloqsiz yoki zararli deb hisoblanganligi yoki unda kimdir, ko‘pincha siyosiy sabablar bilan, maxfiy qolishini istaydigan ma’lumotlarning mavjudligi tufayli, ommaga taqdim etilishining oldini olish harakati”.

Nufuzli Britannika ensiklopediyasiga ko‘ra, senzura — bu “umum manfaatiga putur yetkazuvchi deb hisoblangan so‘z yoki yozishmalarni o‘zgartirish yoki bostirish yoki taqiqlash”.

Yuqoridagi ta’riflardan ko‘rib turibmizki, televizion ko‘rsatuvlar, filmlar, san’at asarlari mazmuni ustidan nazorat o‘rnatish, ularni “axloqsiz”, “zararli” yoki “umum manfaatiga putur yetkazuvchi” degan vajlar bilan taqiqlash, ommaga taqdim etilishining oldini olish — bu senzura. Markaz “senzura o‘rnatmaymiz” demoqda, lekin senzura o‘rnatishini tan olmoqda. Axir, “mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rish” yoki “mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritish” — bu senzura bo‘lmay nima? Shu o‘rinda Oruellning “1984”idagi “yangi til” va “ikkifikrlilik” esga tushmay iloji yo‘q: “Erkinlik — bu qullikdir”.

Yana bir qiziq jihat. Markazga ko‘ra, bunday senzurani joriy qilishni odamlarning o‘zi so‘ramoqda: “ushbu loyiha media kontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinmoqda”.

Yodingizda bo‘lsa, SSSRda hukumat nimanidir taqiqlamoqchi yoki cheklov o‘rnatmoqchi bo‘lsa, albatta buni “mehnatkashlarning ko‘p sonli iltimoslariga binoan” qilayotgani aytilardi. Istalgan tashkilot “mehnatkashlarning iltimoslariga binoan” Konstitutsiyaga va qonunlarga zid hujjatlar qabul qilaveradigan bo‘lsa, huquqiy, demokratik davlat haqida gapirish mumkinmi?

“Milliy mentalitet” o‘zi nima?

Ma’naviyat va ma’rifat markazi “ma’naviyat ekspertizasi”dan maqsad “yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘rish” ekanligini aytmoqda. Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: “milliy mentalitet” o‘zi nima va u rasman “ko‘p millatli” deyiladigan O‘zbekistondagi qaysi millatning “mentaliteti”ni asos qilib oladi?

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasiga ko‘ra, mentalitet — bu “ayrim kishi yoki ijtimoiy guruhga xos aqliy qobiliyat darajasi, ma’naviy salohiyat. Jamiyat, millat yoki shaxsning mentaliteti ularning o‘ziga xos tarixiy an’analari, urf-odatlari, diniy e’tiqodini ham qamrab oladi”.

O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, mentalitet — bu “jamiyat, millat, jamoa yoki alohida shaxsning tarixiy tarkib topgan tafakkur darajasi, madaniy salohiyati (an’ana, rasm-rusum, urf-odat, diniy e’tiqod va irimlarni ham qamrab oladi)”.

Soddaroq qilib aytganda, mentalitet — bu voqea-hodisalar yoki narsalar haqida fikr yuritish tarzi. Masalan, Kembrij yoki Oksford yoki Vebster lug‘atlari “mentalitet” so‘ziga aynan shunday ta’rif beradi.

Misol uchun, kimdir go‘shtsiz ovqat yemaydi, kimdir o‘z ixtiyori bilan go‘sht yeyishdan bir umrga voz kechadi. Kimdir uyida it boqadi, kimdir buni nomaqbul deb biladi. Kimdir kalta yubka kiyishni norma deydi, kimdir buni axloqsizlik deb hisoblaydi. Qaysidir millatlarda biz noto‘g‘ri deb baholaydigan narsalar norma bo‘lishi mumkin. Masalan, qadimgi hindlarda poliandriya norma bo‘lgan (balki qadimgi hind eposi asosida suratga olingan “Mahobhorat” serialining namoyishi ham bir necha yillar oldin “ma’naviyat ekspertizasi”dan o‘tmagani uchun to‘xtatilgandir?).

Alohida olingan inson yoki insonlar guruhining fikrlash tarziga juda ko‘p omillar ta’sir qiladi: oila, muhit, bilim darajasi, diniy qarashlari va hokazo. Xo‘p, bunday hollarda kimning fikrlash tarzi to‘g‘ri-yu, kimniki noto‘g‘ri ekanligini kim va qaysi mezonlar asosida hal qiladi? Va umuman, bunday hollarda kimdir to‘g‘ri va kimdir noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinmi o‘zi?

Qolaversa, “milliy mentalitet” deganda markaz qaysi millatni nazarda tutyapti? O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi, deyiladi. Konstitutsiyaga ko‘ra, ularning barchasi teng huquqli. Qolaversa, Konstitutsiyaga ko‘ra, “ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi” (16-modda). Demak, qaysidir shaxs yoki shaxslar guruhi yoki bitta millatning “mentaliteti”ni, ya’ni fikrlash tarzini asos qilgan holda qandaydir cheklovlar joriy qilish — bu Konstitutsiyada kafolatlangan fikrlar xilma-xilligiga zid chiqishdir.

Markaz “targ‘ib qilish” deganda nimani tushunadi?

Ma’naviyat va ma’rifat markazi “soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh tomonidan […] axloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o‘rganilishi”ni aytmoqda. Lekin markaz “targ‘ib qilish” deganda nimani tushunadi?

Markaz “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazmoqchi bo‘layotgan mediamahsulotlar — serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplar san’atning turli ko‘rinishlari, badiiy ijod mahsulidir. San’at asari obrazlilik ustiga quriladi, unda asar muallif (lar)ining badiiy maqsadiga mos ravishda turli badiiy obrazlar (shu jumladan, qahramonlar — personajlar) ishtirok etadi.

Badiiy ijod mahsulining muhim xususiyati — uning turlicha talqinlarga (interpretatsiyalarga) ochiqligidir. Ya’ni, asarni har kim har xil tushunadi. Masalan, “Shaytanat”dagi Asadbek — ayrimlar uchun yovuz inson, ayrimlar uni romantizatsiya qiladi. “O‘tkan kunlar”dagi Otabek — ayrimlar uchun ideal, ayrimlar uchun hatto o‘z hayotini izga sola olmagan go‘l kimsa. Kim uchundir Mikelanjeloning “Dovud”i yoki “Odam Atoning yaratilishi” — buyuk san’at asarlari, kimdir esa ularni yalang‘och erkaklar tasviri, axloqsizlik deb hisoblashi mumkin. Bunday misollarni istagancha davom ettirish va istalgan badiiy asarni (san’at asarini) istagancha talqin qilish mumkin.

Badiiy ijod mahsulida obrazlar turlicha tasvirlanadi va turlicha harakat qiladi. Masalan, “O‘tkan kunlar”da Otabek odam o‘ldiradi. Jahon dramaturgiyasining shoh asari “Shoh Edip”da Edip onasiga uylanadi. Markaz rahbari Otabek Hasanov tarqatgan videoda parchasi ishlatilgan “Lada” klipida bosh qahramon sigareta chekadi. Xo‘sh, bu yerda Abdulla Qodiriy vahshiylikni, Sofokl axloqsizlikni, Ozoda Nursaidova tamaki mahsulotlarini targ‘ib qilganmi?

O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, “targ‘ib qilish” — bu tushuntirish yo‘li bilan biron ishga chaqirish, da’vat qilish. Masalan, “mana bu ishni qilishing kerak, shu ishni qilsang zo‘r bo‘ladi, undoq bo‘ladi, bundoq bo‘ladi” — bu targ‘ib qilish. Lekin serial, multfilm, kino, qo‘shiq yoki klipda personajning nimadir qilishi — shu ishni qilishga targ‘ib degani emas. Chunki obrazning shunday xatti-harakati muallifga o‘z badiiy maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun kerak.

Badiiy asardan esa, yuqorida aytilganidek, har kim har xil xulosa chiqaradi. Masalan, kimdir “O‘tkan kunlar” odam o‘ldirishni yoki ko‘p xotinlilikni “targ‘ib qilyapti” deb tushunsa, yoki Mikelanjelo axloqsizlikini targ‘ib qilyapti, deb tushunsa, asarlarni taqiqlash kerakmi? Axir muammo asarda emas, qabul qiluvchida-ku? Qolaversa, Konstitutsiya badiiy ijod erkinligini ham kafolatlashi (53-modda)ni unutmaylik.

Xullas, menimcha, markaz “milliy mentalitet” va “ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar” degan subyektiv, mavhum, aniq ta’rif berish va aniq chegarasini belgilash imkonsiz bo‘lgan kategoriyalar asosida Konstitutsiya va qonunlarda taqiqlangan senzurani joriy qilmoqchi.

Eng xavotirlisi, markaz rahbariga ko‘ra, “ma’naviyat ekspertizasi birinchi bosqich bo‘lib, u yana chuqurlashib davom ettiriladi”. Demak, agar “ma’naviyat ekspertizasi” ishlab ketsa, oldinda bizni senzuraning turli g‘aroyib ko‘rinishlari kutishi, “404”lar va taqiqlangan xabarlar, asarlar ko‘lami kengayib borishi hamda oshxonada pichirlashlar va “samizdat”lar davri qaytishiga ham tayyor turishimiz kerak.

Tayyormizmi? Shuni xohlayapmizmi?

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.