O‘zbekistonda 11−17-noyabr kunlari oralig‘idagi haftaning o‘rtasida aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik kutiladi. Shuningdek, tumanli ob-havo muhiti kuzatiladigan davrlar ham boshlanmoqda. Hafta oxiriga borib, mamlakatning shimoliy hududlariga yog‘inlar olib keluvchi nam havo oqimi ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Ammo, umuman olganda, joriy hafta O‘zbekistonda havo haroratining keskin sovib ketishiga olib keluvchi oqimlarning kirib kelishi ehtimoli mavjud emas.Manba: NASA
Hafta davomida antitsiklonning davomli chekkasi ta’sirida nisbatan sovuqroq harorat kuzatiladi. 13-noyabr kuni Kaspiy dengizidan janubiy siklonlar kirib kelishi bilan avvaliga vohada, keyin Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va vodiy viloyatlarida yomg‘ir, tog‘larda qor kutiladi. Ayrim tog‘ etaklarida joriy mavsumdagi birinchi qor yog‘ishi mumkin.
Hafta davomida harorat rejimi tunda 0…+5 daraja, hafta o‘rtasida −5…−0 daraja sovuqqacha, boshqa hududlarda 0…+5 daraja, 13-noyabrda esa janubiy siklonning kirib kelishi bilan tungi va kunduzgi harorat bir-biriga yaqin, deyarli bir xil qiymatga ega bo‘lishi kutilmoqda.
“Azor” antitsikloni deb nomlanuvchi keng masshtabli jarayon 13-noyabrda avvaliga Kaspiy dengizi janubidagi nam havoni mintaqaga “ilashtirib” kelsa, keyinroq, 18-noyabrda O‘rtayer dengizi ustida shakllangan nam havoni olib keladi. Bu jarayon hafta davomida O‘zbekistonda havo haroratini keskin ko‘tarib yoki pasaytirib yubormaydi, ammo kishi tanasi bahordagi kabi komfort iliqlikni emas, balki etni junjiktadigan sovuqni his qilishda davom etadi.
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 11-noyabrda respublika shimoli va janubida havo harorati +12…+17 daraja, boshqa hududlarda +10…+15 daraja iliq, tog‘larda +3…+8 daraja iliq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi. Tunlari, tog‘li hududlardan tashqari, harorat nol darajadan biroz yuqori bo‘ladi.
Sinoptiklar 12−14-noyabr kunlari uchun ham respublika hududlari biroz sovuq havo ta’sirida bo‘lishiнимаълuм qilgan. Bu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shimolda havo harorati asta-sekin pasayib boradi. 14-noyabrga kelib havo harorati tunda -5 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Kunduz kunlari esa avvaliga +12 daraja, keyinroq +8 darajagacha o‘zgaradi.
Respublikaning boshqa viloyatlari uchun esa vaziyat bunday emas, 13-noyabrda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo vilotlarida, 13−14-noyabr kunlari Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va vodiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutiladi. Yog‘ingarchilik faqat tog‘li hududlarda va ba’zi tog‘ etaklarida qor ko‘rinishida tushishi mumkin, qolgan hamma joyda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
12−14-noyabr kunlari havo haroratida kutilayotgan o‘zgarishlar katta emas — hafta boshiga nisbatan harorat 2−4 darajaga pasayadi, xolos. Tunlari ayrim joylarda +2…+7 daraja, 14-noyabrga kelib -2 darajagacha sovuq, 12−13-noyabr kunlari kunduzi +10…+15 daraja, janubda +17 darajagacha iliq, 14-noyabrga kelib esa +10 darajadan past kutiladi.
Kelayotgan havo oqimlari havo haroratini keskin o‘zgartirish kuchiga ega bo‘lmagani kabi, hafta davomida kuchli shamol kutilmalari ham yo‘q, aksincha bunday ob-havo muhitida hududlarda tuman tushishi hodisalari ko‘payadi. Ayniqsa, 13−14-noyabr kunlari tog‘li hududlarda qalin tuman hodisalari avtomobil harakatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Juma va dam olish kunlari respublika hududlarida harorat asta-sekin ko‘tarilib boradi. Shanba va yakshanba kunlari respublikaning katta qismida kunduzi havo harorati hatto +15…+20 darajagacha ko‘tariladi. Hafta oxiriga borib, shimolda tungi minimum haroratlar qaytadan nol darajaga yaqinlashadi. Republikaning boshqa hududlarida esa 0…+5 daraja iliqlilik saqlanadi. Bu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuniga kelib shimoldan respublikaga yana bir nam havo oqimlarining dastlabki partiyasi ta’sir etib, shimolga yog‘ingarchilik ulashadi.
13−14-noyabr kunlari kutilayotgan nam havo oqimlari hududlarga ko‘p ham yog‘ingarchilik ulashmaydi. Masalan, ba’zi iqlim modellariga ko‘ra, 13-noyabr kuni yarim sutka davomida yog‘ingarchilik kutilayotgan tekislik hududlarida umumiy miqdor 2−10 millimetrga, vodiy sharqi va tog‘larda 10−25 millimetrgacha bo‘ladi. Janubiy Kaspiy sikloni shimol va cho‘llarga deyarli yog‘ingarchilik ulashmaydi. Shuning uchun ushbu hududlarda hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmalari qariyb mavjud emas.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Hafta davomida tabiiy ob-havo muhiti insonlar salomatligiga u qadar katta xavf ko‘rsatish darajasida bo‘lmaydi.
13−14-noyabr kunlari respublika aholisi siklonal omil ta’siriga tushadi. Bu safargi, markazida atmosfera bosimi 1005 gPa gacha pasayuvchi joriy siklonal ta’sir aynan mana shu omil ta’siridan bezovtalanadiganlar uchun biroz qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. Siklonal ob-havo muhitini inson organizmiga ta’sirini kamaytirishda avvalgi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak.
Bundan tashqari, hafta boshi va so‘ngida respublikaning katta qismida aholi antitsiklon omil ta’siriga tushib, bu ularning ichki qon bosimiga biroz ta’sir qilishi mumkin. Ammo kutilayotgan antitsiklonal jarayon ham salomatlikka aytarli jiddiy xavf tug‘diradigan darajada emas. Shu kunlarda o‘zida antitsiklon ta’sirni sezgan, masalan, holsizlik his qilgan yoki qon bosimi o‘zgargan kishilar shifokor ko‘rsatmasi asosida avvalgi materaldagi tavsiyalarga amal qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Joriy haftada Farg‘ona vodiysi kabi aholi zich yashaydigan hududlarda havo haroratining pasayishi tuman, g‘ubor hodisalari sonini oshirib, yosh bolalarda turli mavsumiy kasalliklarni ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Dam olish kunlari esa haroratning biroz yuqorilashi kishilarda lanjlik, oz-moz bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Oddiy qilib aytganda, joriy hafta boshidagi tabiiy ob-havo o‘zgarishlari shunday o‘zgarishlarga moyil kishilargagina biroz muammo tug‘dirishi mumkin.
Hafta davomida havoda nisbiy namlikning mavsumiy ortishi hududlarda turli virus, zamburug‘, bakteriyalar faollashishiga olib keladi — aynan mana shu omillar sabab kishilar o‘z salomatligiga chuqurroq e’tibor berishlari lozim.
Havoda nisbiy namlikning 30−70 foizgacha bo‘lishi havo namligining inson salomatligi uchun optimal qiymati bo‘lib, republikaning katta qismida haftaning ish kunlarida havo namligi sutka davomida 70 foizdan yuqori saqlanadi. Bunda hududlarda turli bakteriya, viruslar uchun qulay sharoit kuzatilib, allergik simptomlar va kimyoviy reaksiyalarning faollashuviga olib keluvchi muhit hosil bo‘ladi.
Uy sharoitida esa havo nisbiy namligini 30−70 foiz atrofida ta’minlash juda muhim, shunda turli virus va bakteriyalar ko‘payishining oldi olinadi.
Bioiqlimiy sharoitlar
Ish kunlari kunduzi ham qalin kiyim kiyish talab etiladigan ob-havo muhiti kuzatiladi. Havo haroratining +15 yoki +17 daraja bo‘lishi “aldamchi” bo‘lib, antitsiklon ta’siridagi haroratni his qilish biroz pastroq harorat kabi bo‘ladi. Qisqasi, aholi orasida bu muhit “sovuq zahri” deb tushuntiriladigan vaziyat kabidir.
Chorshanba va payshanba kunlari izg‘irin sovuqlar ta’sirida yanada qalinroq kiyinish, boshni sovuqdan asrash uchun qalpoq kiyish, yomg‘irli havoda soyabon olib yurishi tavsiya etiladi. Dam olish kunlari faqat kunduzgi vaqtda biroz yengilroq kiyim kiyiish mumkin. Ammo kechki mahal va tunda baribir qalin kiyinish kerak.
Kuzgi sayr-sayohatlarni xush ko‘ruvchilar uchun joriy hafta ham ayni muddao — yirik shaharlarda daraxtlar oltin ranglarga burkanib, bulutli va quyoshli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi. Hafta o‘rtalarida yog‘ingarchilik payti va undan keyin yerlarda yotgan kuzgi xazonlardan chiqayotgan hid go‘yoki kuz tarovatini hadya etadi. Shu bilan birga hafta o‘rtalarida qor yog‘ishini kuzatish uchun tog‘larga sayohat qilish mumkin.
Kosmik ta’sirlar
Haftaning birinchi yarmida aholi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan aziyat chekishi mumkin. 9−10-noyabr kunlari Quyosh sirtidagi bir nechta M sinfli va bitta X sinfli kuchli chaqnashdan ajralib chiqqan quyosh plazmalari Yerda 11-noyabr kuni 4−6 ballik magnit bo‘ronlarni keltirib chiqarishi kutilmoqda. 12−13-noyabr kunlari ham 3-4 ballik magnit bo‘ronlari bilan bog‘liq “sariq” xavfga ega.
Manba: xras.ru
Qozog‘istondagi Ionosfera institutining joriy hafta ish kunlari uchun taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognoziga ko‘ra, aholi dushanba kuni kuchli geomagnit bo‘ronlari ta’siriga tushishi mumkin. Seshanba va chorshanba kunlari magnit bo‘roni biroz qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq “sariq” xavfga ega. Ammo bu qo‘zg‘alish aholi salomatligiga katta xavf tug‘dirmaydi. Payshanba va juma kunlari yashil darajadagi qo‘zg‘alishlar yuz beradi — bu kabi qo‘zg‘alishlar salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydi.
Manba: ionos.kz
Shuni alohida qayd etish joizki, bu kabi prognozlarning o‘zini oqlash darajasi ancha past. Quyosh o‘zining har 11 yillikdagi eng faol chaqnashlari davrida turibdi. Quyoshda to‘satdan X va M sinfli chaqnashlar soni kuzatilishi bilan uning koronal massasini Quyosh shamollari orqali sayyoramiz yuqori atmosferasiga 2−3 sutkada yetib kelishi va sayyorada “kuchli”, “juda kuchli” va hatto “ekstremal” geomagnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Hozir magnit bo‘ronlarini 2 kundan ortiq muddat uchun ishonchli prognoz qiladigan yechim va vositalar yo‘q.
Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ko‘p ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklardan tiyilishi maqsadga muvofiq. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv iste’mol qilishni ham tavsiya etadi.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Hafta o‘rtacida kutilayotgan yomg‘irli ob-havo muhiti havoda mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon yaratmaydi. Faqat seshanba va dam olish kunlari haroratning biroz yuqori ko‘tarilishida pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga hamda payshanba-juma kunlari antitsiklonal jarayon fonida quyosh chiqishi arafasida, inversiya hodisasi sabab, havoda xiralik ortishi va ifloslanish ro‘y berishi mumkin. Lekin mazkur ifloslanishlar, katta ehtimol bilan, juda xavfli darajaga ega bo‘lmaydi. Bu kabi prognozlar atmosferaning tabiiy ifloslanishi hisoblanib, joylarda antropogen ifloslanishlar insonlar, idora va korxonalar xatti-harakatiga bog‘liq.
Havoda mayda chang zarrachasi bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, joriy hafta ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar juma va dam olish kunlari bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlariga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qiladi.