Shavkat Mirziyoyev Falastin muammosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
“Ming afsuski, 2023-yili Ar-Riyod shahridagi tarixiy yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu adolatsiz va qonli urush ko‘lami yanada kengaydi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.
“Dunyo hamjamiyatining qat’iy harakat va chaqiriqlariga qaramasdan, xalqaro me’yorlar va rezolyutsiyalarning qo‘pol ravishda buzilishi davom etmoqda. Urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olgani barchamizni qattiq larzaga solmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.
“Ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
“Eng yomoni, hammamiz guvoh bo‘layotganimizdek, ushbu fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilmoqda. Bu esa urushning keng yoyilib ketish ehtimolini keskin oshirmoqda, xalqaro xavfsizlikka jiddiy raxna solmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti respublika “Falastin — Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini” ta’kidladi.
“Bu borada bugungi sammitimizda umumiy siyosiy iroda va birdamlikni namoyon etib, global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqib, hayotga tezroq joriy etilishiga ishonamiz”, — dedi u.
Gap, eng avvalo, BMT va Xavfsizlik kengashining mazkur ko‘p yillik nizoni hal etishdagi o‘rni va ta’sirini tubdan oshirish haqida bormoqda, tushuntirdi davlat rahbari. “Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va eng asosiysi — tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari bu universal xalqaro tuzilmaning doimiy e’tibor markazida turishi maqsadga muvofiqdir”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni Falastin xalqi o‘zining milliy bayrami — Falastin Davlati e’lon qilingan kunni nishonlashini eslab o‘tdi.
“Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama ma’qullaymiz”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
Shuningdek, u Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlar tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
“BTMning katta tajribaga ega bo‘lgan maxsus agentligi va boshqa institutlari faoliyatiga zaruriy ko‘makni oshirish tarafdorimiz”, — dedi prezident.
Urushdan jabr ko‘rgan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekistondagi klinikalarda bepul davolashga tayyor ekanimizni bildiramiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Biz Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan „Ko‘rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo“ sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz”, — dedi davlatimiz rahbari.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari Islom hamkorlik tashkiloti doirasida al-Aqso masjidi va Qudduasdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarining daxlsizligini ta’minlash va ularni beshikast saqlash qolish masalalariga katta e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.