Navoiy viloyatining Konimex tumanida yonuvchi slanetslarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha istiqbolli loyiha 8 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1-noyabr kuni viloyatga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan taqdimot slaydlarida keltirilgan. “Gazeta.uz” unga e’tibor qaratdi.

Istiqbolli loyiha davlat rahbari ishtirokidagi tantanali marosimda ishga tushirilgan 15 ta yangi loyihalar qatoriga kiritilgan.

“Yonuvchi slanetslarni qazib olish va qayta ishlash slanetslardan energiya, yoqilg‘i va kimyoviy mahsulotlar olish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yonilg‘i komponentlarni ajratishni nazarda tutadi. Yonuvchi slanets — bu organik moddalarni o‘z ichiga olgan va qizdirilganda neft va gaz kabi uglevodorodlarni chiqarishga qodir cho‘kma tog‘ jinsi. Bu jarayonga slanetslarni qazib olish va uni sintetik yoqilg‘i hamda boshqa mahsulotlarni olish uchun qayta ishlash kirishi mumkin”.

enera, shale resources, yonuvchi slanets, навоий viloyati

Eriell kompaniyasi raisining maslahatchisi Azizbek Nazarov taqdim etgan loyiha Shale Resources kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Undagi xarajatlarning 46 foizi yoki 3,67 milliard dollarini texnologik jihozlar, jumladan, qaynovchi sirkulyatsiya qatlami texnologiyasini (SQT-1500), 8 foizi yoki 648 million dollarini qurilish materiallari, 80 million dollarini (1 foizi) texnik xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, logistika tashkil etadi.

Sirkulyatsiya qatlami texnologiyasidan (SQT-1500) foydalanadigan dastlabki to‘rtta agregatni 2025-yil 1-yanvarda, yana 10 ta SQTni 2025-yil dekabrda va 2027-yildan keyin yana 60 ta SQTni ishga tushirish rejalashtirilgan. SQT texnologiyasi neft, gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun slanets rudalarini qayta ishlashga mo‘ljallangan.

enera, shale resources, yonuvchi slanets, навоий viloyati

Taqdimotda kompaniyaning aktivlari 400 million dollarni tashkil etishi va ishchilar soni 56 nafarni tashkil etishi qayd etilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida “Gazeta.uz” Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ham xuddi shunday loyiha amalga oshirilayotgani, Saneg kompaniyasi slanets konini o‘zlashtirishni boshlagani haqida xabar bergandi. Mirziyoyevga 16-noyabr kuni kon-kimyo majmuasiga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan edi. Geologik qidiruv natijalariga ko‘ra, konning zaxiralari C1 toifasidagi slanets rudasi 55 million tonnani tashkil etadi, deya ta’kidlaydi kompaniya.

O‘shanda Azizbek Nazarov konning geologik tuzilishi, slanets chuqurligi va tarqalish maydonini o‘rganish davom etayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kon zaxiralari 400 million tonnagacha yetishi mumkin. Bunga erishish uchun yaqin bir necha yil ichida umumiy qiymati 10 million dollardan ortiq bo‘lgan topografik tadqiqotlar, elektr qidiruv, razvedka quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilgan.

Kompaniya sintetik neft, gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun slanets rudalarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. 2024-yil oxirigacha qaynovchi sirkulyatsiya qatlami texnologiyasidan (SQT-1500) foydalangan holda to‘rtta qurilmani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ularning har biri yiliga 1,5 million tonnagacha slanets rudasini qayta ishlash orqali 800 ming tonna neft, 300 million kub metr gaz va 150 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kelgusi besh yil ichida Saneg SQT-1500 qurilmalari sonini 25 taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ular yiliga 37,5 million tonnagacha xomashyoni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu loyihani amalga oshirish fonida ikki-uch yil ichida mamlakatning to‘liq neft mustaqilligiga erishishi bo‘yicha rejalar aytilgandi.

Slanets resurslari haqida

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Shale Resources kompaniyasi 2024-yil 20-martda Konimex tumanida ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning ustav kapitali 39,3 mlrd so‘m bo‘lib, asosiy faoliyati koks mahsulotlari ishlab chiqarish hisoblanadi.

Shale Resources kompaniyasi rahbari lavozimiga Samarqand viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari — viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon O‘tkirovich Nurullayev tayinlangan. 2022-yildan buyon u INVEXI xususiy investitsiya konsalting kompaniyasining hammuassisi va boshqaruvchi hamkori hisoblanadi.

Kompaniyaning ta’sischisi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Belvor Holding (Hk) Limited bo‘lib, u Enera xoldingda ham ulushga ega.

Enera guruhi aktivlariga, uning saytiga ko‘ra, Saneg, Samarqand sayyohlik markazi, Humo Arena muz saroyi majmuasi, Samarqand xalqaro aeroportining operatsion kompaniyasi Air Marakanda, TEG Central Asia (xalqaro transport va logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya), Tepelen Group, Samarqand, Namangan, Navoiy, Toshkent va Buxoro viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari, Jizzax Organic go‘sht-sut kompleksi, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT), ADL-Ulanish logistika kompaniyasi, OsiyoTech IT kompaniyasi ham kiradi.

“Gazeta.uz” loyiha yuzasidan Saneg matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.