Hafta boshida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi, deya xabar berdi “O‘zgidromet” matbuot xizmati.
11−12-noyabr kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublika janubida 12-noyabr kuni kechga tomon ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Bu kunlarda havo harorati keskin o‘zgarmaydi va kechasi +2−7 daraja iliq, kunduzi 12−15 daraja iliq, ayrim joylarda 17 darajagacha iliq bo‘ladi.
13-noyabrda O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Respublikaning katta qismida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari, yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda qorga aylanadi. Kunduzi havo harorati +5…+10 darajagacha pasayadi.
13-noyabr kuni kechqurun yomg‘ir deyarli hamma joyda to‘xtaydi. 14−15-noyabr kunlari respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda 14-noyabrga o‘tar kechasi biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
14−15-noyabr kechasi havo harorati 0…+3 darajagacha pasayadi, ba’zi joylarda -2 darajagacha tushadi, 14-noyabr kunduzgi harorat +5…+10 daraja, 15-noyabr kuni esa +8…+13 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 13-noyabrda ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayadi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.
Toshkentda: dushanba va seshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 13-noyabr, chorshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, shamol 10−12 m/s gacha kuchayadi. 14−15-noyabrda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi.
Havo harorati: 11−12-noyabr kunlari kechasi +2…+5 daraja, kunduzi +12…+15 daraja iliq bo‘ladi. Chorshanba kechasi va kunduzi +5…+8 daraja atrofida. 14−15-noyabr kunlari harorat kechasi 0…-2 daraja sovuq, kunduzi +8…+11 darajagacha tushishi kutilmoqda.