Jurnalistlar AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauelldan “AQSh prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan Donald Tramp talab qilgan taqdirda ishdan ketasizmi”, deb so‘radi. The New York Times`ga ko‘ra, Pauell bu savolga bir so‘z bilan “yo‘q”, deb javob qaytardi.
Shuningdek, matbuot anjumanida FZT raisidan Tramp uni ishdan bo‘shatishi yoki lavozimini pasaytirishi mumkinmi, deya so‘rashdi. Pauell bu savolga ham bir so‘z bilan “yo‘q”, deb javob berdi.
Pauellni 2018-yilda Trampning o‘zi lavozimiga tayinlagan. Ammo bundan ko‘p o‘tmay prezidentning foiz stavkalarini pasaytirish haqidagi chaqiriqlariga qarshilik ko‘rsatgani uchun Tramp uni yoqtirmay qolgan.
“Tramp Pauellni ishdan bo‘shatish yoki lavozimini pasaytirish haqida o‘ylagan edi, ammo uning maslahatchilari buni amalga oshirish agar imkonsiz bo‘lmasa, qiyin degan xulosaga kelgandi”, — deb yozadi The New York Times.
Tramp prezidentlikdan ketganidan keyin ham Federal zaxira tizimini tanqid qilishni davom ettirgan. Bu esa o‘z navbatida Tramp Pauellni ishdan bo‘shatishga yana urinib ko‘rishi yoki iste’foga chiqishi uchun unga bosim o‘tkazishi mumkinligi haqidagi taxminlarga sabab bo‘lgandi.
Federal zaxira tizimi raisi sifatida Pauell 2026-yil may oyigacha faoliyatini davom ettira oladi. Pauell doimiy ravishda AQSh Federal zaxira tizimi o‘z qarorlarini siyosiy oqibatlarni hisobga olmasdan qabul qilishini, janob Tramp yoki boshqa birov tomonidan qilinadigan jamoatchilik bosimi uning siyosatiga ta’sir qilmasligini aytib keladi.
Avvalroq AQShning Texas universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov AQSh prezidentligiga nomzodlarning iqtisodiy siyosat bo‘yicha reja-maqsadlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.
Uning aytishicha, Tramp anchadan beri ilgari suradigan yana bir g‘oya — Markaziy bank, ya’ni Federal zaxira tizimining faoliyati, monetar siyosat ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy hukmronlik o‘rnatishdir. U Markaziy bank ishiga aralashishni anchadan beri xohlaydi. [Federal zaxira tizimi boshqaruvchilar kengashi raisi] Jerom Pauellga: “Men Markaziy bank boshqaruv kengashi yig‘ilishlarida qatnashishim kerak, men tadbirkorman, men biznesni yaxshi tushunaman, iqtisodiyotdan xabarim bor, moliya bozori qanday ishlashini bilaman, shuning uchun men foiz stavkalarini belgilash jarayoniga ham qo‘shilishim kerak”, deb aytgan. Bu [Markaziy bank mustaqilligiga] juda katta tahdid hisoblanadi.
“Markaziy bankning mustaqilligi AQShda ham, istalgan boshqa mamlakatda ham monetar siyosat uchun muhimdir. Markaziy bankning mustaqilligi — fundamental xususiyat. Bu xususiyatga putur yetkazish jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi. Masalan, Tramp Markaziy bank stavkasini tushirishni xohlaydi. Shunda fiskal siyosatni moliyalashtirish xarajatlari arzonroqqa tushadi va go‘yoki xususiy sektorga yengillik berilgandek bo‘ladi. Chunki Markaziy bankning foiz stavkasi tushsa, riski katta aktivlar, bitkoin yoki qimmatli qog‘ozlar bozoridagi riski ko‘proq bo‘lgan korxonalar aksiyalari oshishi kutiladi. Korporativ investitsiyalar oshadi. Iqtisodiyotdagi faollikni oshiradi va, tabiiyki, ko‘proq inflyatsiyani olib keladi”, — deydi Botir Qobilov.
Uning ta’kidlashicha, Trampning Markaziy bank foiz stavkasini tushirishni xohlashiga asosiy sabab — u shu tariqa xarajatlarni ko‘proq moliyalashtirmoqchi ekanidir. Lekin Trampning siyosati yaqin va uzoq istiqbolda foiz stavkasining tushishiga emas, balki yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Chunki Federal zaxira tizimi foiz stavkasini fiskal siyosat tufayli tushirishi natijasida hukumat yanada ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘ladi, iqtisodiyot esa yanada qiziy boshlaydi.
“Shuning uchun ham bu siklda Markaziy bank mustaqilligi o‘ta muhim. Bunga fiskal siyosatni yurituvchi ijro hokimiyatining aralashuvi monetar siyosat barqarorligi va, eng muhimi, Markaziy bank mustaqilligiga putur yetkazadi. Trampning mana shunday [ehtimoliy harakatlari] ko‘p ham yaxshi emas”, — degandi Botir Qobilov.