O‘zbekiston hududlarida viloyat va tuman hokimlari qayta tasdiqlanmoqda hamda xalq deputatlari kengashlarining yangi raislari saylanmoqda. Bu jarayon 27-oktabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va kengashlarga deputatlar saylovidan keyin amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlangan Erkinjon Turdimov kengashlarga saylovdan so‘ng barcha viloyat, tuman va shahar hokimlarining vakolatlari tugashini ma’lum qildi. Yangi chaqiriq deputatlari o‘zlarining birinchi sessiyasida hokimlikka yangi nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.
“Gazeta.uz” o‘rgangan kengashlar va hokimlarning barcha qarorlarida hokimlik lavozimiga amaldagi viloyat, tuman, shahar hokimlari bir ovozdan tasdiqlangan, ya’ni bu lavozimlarga yangi nomzodlar ko‘rib chiqilmagan. Shu bilan birga, kengashlar sessiyalari ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga uzatilmadi.
Masalan, Toshkent shahrida joriy yil 3-aprelda shahar hokimi etib tasdiqlangan Shavkat Umurzoqov 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 7-chaqiriq deputatlar kengashi sessiyasida bu lavozimga qayta tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Umurzoqov poytaxtning barcha 12 ta tumani avvalgi hokimlarini yana shu lavozimlarga taklif etdi, tuman kengashlari ularning nomzodlarini tasdiqladi.
Toshkent viloyatida ham 15 ta tuman va shaharning amaldagi hokimlari qayta tasdiqlandi.
Yangi Konstitutsiyadan kelib chiqadigan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tuman (shahar, viloyat) hokimi va xalq deputatlari kengashi raisi lavozimlari ajratildi. Shu paytgacha hokimlar tegishli hududda bir vaqtning o‘zida vakillik (kengash) va ijroiya (hokimiyat) hokimiyatini boshqargan, bu esa hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat tamoyilini buzgan.
Bu o‘zgarish viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari hamda hokimlari uchun oktabrdagi saylovlardan so‘ng kuchga kirdi. “Gazeta.uz” kengashlarning ularning raislarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarini o‘rganib chiqdi. Hududlardagi kengashlar rahbarlari lavozimiga sobiq hokimlar, hokim o‘rinbosarlari, “Nuroniy” jamg‘armasi, Mahallalar uyushmasi boshqarmalari va boshqa tashkilotlar xodimlari tayinlanib, kengashlarga deputat etib saylandi.
Tuman va shahar kengashlarida aksariyat hollarda hokimlar rahbarlik qilishda davom etmoqda, chunki ular uchun bu tartib faqat 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Parlament palatalari (Qonunchilik palatasi va Senat) mansabdor shaxslari saylanganidan va organlari shakllantirilganidan keyin bir oy ichida bosh vazir nomzodi ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Bu nomzodni barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng prezident taqdim etadi.
Avvalroq “Gazeta.uz” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 64 nafari (42,7 foizi) quyi palataning beshinchi chaqirig‘iga qayta saylangani (avvalgi saylovda 27 foiz edi) haqida xabar bergandi. Avvalgi chaqiriqda Senat a’zosi bo‘lganlar orasida parlament quyi palatasiga saylanganlar ham bor.
Bundan tashqari, O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi yangi saylangan deputatlarining o‘rtacha yoshi 3 yilga — 49,5 yoshga ko‘tarildi. Yoshi eng katta partiya O‘zXDP, eng kichigi esa “Milliy tiklanish” bo‘ldi. Ayollar ulushi 32 foizdan 38 foizga oshdi.