AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozongan Donald Tramp jamoasi Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha takliflar tayyorladi. Ular orasida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish rejalaridan kamida 20 yilga voz kechish ham bor, deb yozadi The Wall Street Journal.

Shuningdek, Tramp jamoasi demilitarizatsiya zonasini yaratish orqali front chizig‘ini muzlatib qo‘yishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, uning xavfsizligini ta’minlash bilan Amerika qo‘shinlari yoki BMT kontingentlari va AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa tashkilotlar shug‘ullanmaydi.

Ta’kidlanishicha, AQSh harbiylarni o‘qitish uchun pul to‘lashi yoki boshqa yordam ko‘rsatishi mumkin, ammo “amerikalik erkak va ayollarni Ukrainada tinchlikni saqlash uchun safarbar etmasligi kerak”. “Biz buning uchun pul to‘lamaymiz. Polyaklar, nemislar, inglizlar va fransuzlar qilsin buni”, — dedi Tramp.

Shu bilan birga, AQSh Rossiyaning kelgusi tajovuzlarini to‘xtatish uchun Ukrainaga qurol berishni davom ettirishi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Trampning maslahatchilari Kiyev tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishi uchun Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishni nazarda tutuvchi tinch yo‘l bilan hal qilish rejasi haqida gapirgandi. Tramp AQSh prezidenti lavozimini egallab, ushbu rejalardan to‘liq yoki qisman foydalanadimi, noma’lum, deya ta’kidlaydi nashr.

Vaziyat qo‘shinlari frontda harakatlanayotgan Rossiya ham, o‘z hududlaridan voz kechishga tayyor bo‘lmagan Ukraina ham muzokaralarga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda, deb yozadi WSJ.

AQSh yordam hajmi bo‘yicha Ukrainaning eng yirik ittifoqchisidir. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati bir necha bor Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini va Kiyevning ishtirokisiz har qanday tinchlik muzokaralari mumkin emasligini ta’kidlagan.

Financial Times nashrining yozishicha, Tramp saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng ko‘plab ukrainalik harbiylar Oq uyga yangi AQSh prezidenti kelishi bilan Kiyevga harbiy yordam berishni to‘xtatishidan va Ukraina “kamida” Donbassdan ayrilishidan xavotir bildirgan.

Avvalroq Ukrainaning NATOga zudlik bilan taklif etilishiga AQSh va Germaniyadan tashqari, Vengriya, Slovakiya, Belgiya, Sloveniya va Ispaniya ham qarshi ekani haqida xabar bergandik. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakatini NATOga taklif qilishni Rossiya bilan urushni tugatishning yagona yo‘li deb atagan. Uning fikricha, bu Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlaydi va ukrainaliklarning ruhiyatini oshiradi.