Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi uchun yagona platforma yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 6-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari doirasida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning so‘zlariga koʻra, O‘zbekiston Jahon banki va boshqa institutlar bilan birgalikda ushbu platforma ustida ishlamoqda.

“Bir necha yil ichida bizda tarmoqni muvozanatlashda yordam beradigan bozor bo‘ladi. Tojikiston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar muhim gidroenergetika resurslariga ega bo‘lib, bu bizning qayta tiklanadigan energiya manbalarini uzluksiz ishlab chiqarishimizga to‘liq mos keladi”, — dedi u.

Energetika vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida salmoqli yutuqlarga erishganini, biroq hozirda mamlakatda infratuzilma sohasida investorlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.

“Infratuzilma shamol va quyosh kabi uzluksiz energiya manbalarini integratsiya qilish uchun juda muhim va ko‘plab mamlakatlar bu muammoga duch kelmoqda. Bizga kamida 5000 km elektr uzatish liniyalari, jumladan, 500 kV va 200 kV yuqori kuchlanishli liniyalar va podstansiyalar kerak”, — dedi Umid Mamadaminov.

Kelgusi ikki yil ichida kamida 2000 km elektr uzatish liniyalarini qurish kerak.

“Bu yerda mexanizm yaratish uchun xalqaro moliya institutlarining yordami kerak bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, hukumat elektr uzatish liniyalari kabi aktivlarga ega bo‘lishi kerak. Biroq boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli qo‘llangan model mavjud. Xususiy kompaniyalar kelib, investitsiya qilishlari mumkin, masalan, huquqlarni [boshqarishga] o‘tkazish bilan ijaraga berish yoki EPC+ (qo‘llab-quvvatlagan holda qurilishning to‘liq sikli — tahr.) orqali; ushbu sxemalarning har biri hukumatga infratuzilmani rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishni soddalashtirishga yordam beradi”, — dedi Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari.

Elektr energiyasi sanoatida EPC+ (muhandislik, ta’minot va qurilish) — shartnoma loyihasini boshqarish modeli. An’anaviy EPC shartnomasiga ko‘ra, pudratchi loyihani loyihalash, xarid qilish va qurish uchun to‘liq javobgar bo‘ladi, tayyor loyihani buyurtmachiga tayyor holda topshiradi. EPC+ texnik xizmat ko‘rsatish, xodimlarni o‘qitish va moliyalashtirishni boshqarish kabi qo‘shimcha xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

Umid Mamadaminovning ta’kidlashicha, avtomatlashtirish qayta tiklanadigan energiya manbalarini elektr tarmog‘iga integratsiyalashning asosiy muammosi hisoblanadi, chunki usiz tizimni nazorat qilib bo‘lmaydi.

“Ushbu avtomatlashtirish ilg‘or prognozlash tizimlari bilan birlashtirilishi kerak. Qachon bulut paydo bo‘lishini va quyosh generatsiyasining keskin pasayishini hech qachon bilmaysiz, bu esa har qanday davlat uchun qiyinchilik tug‘diradi”, — dedi u.

Yana bir jihat — zaxira quvvati. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qayta tiklanadigan manbalarni tarmoqqa integratsiya qilish uchun qayta tiklanadigan manbalar quvvatining kamida 80% zaxira quvvatiga ega bo‘lish kerak.

“Biz allaqachon umumiy quvvati 400 MVt dan yuqori bo‘lgan 2000 MVt dan ortiq energiya saqlash tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar imzolaganmiz, chunki ularning har biri ikki davrli tarmoq. Kelgusi ikki yil ichida biz kamida 4000 MVt bazaviy quvvatga ega bo‘lamiz. Bu haqiqatan ham quyosh energiyasi ishlab chiqarishdagi tebranishlarga tezda javob berishga yordam beradi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Yana bir muhim jihat — kadrlar salohiyatini rivojlantirish. Bozorga yangi sarmoya va texnologiyalar kirib kelayotgan bir sharoitda O‘zbekistonga “ushbu loyihalarni boshqarish uchun iqtidorli mutaxassislar, malakali kadrlar va jamoa” zarur.

Prezidentning 30-avgustdagi farmoniga asosan O‘zbekistonning barcha hududlaridagi elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktabr oyida Samarqand viloyatida tender boshlanadi. Energoregulyator rahbari Sherzod Xo‘jayev elektr tarmoqlarini nima uchun xususiy sektorga berish kerakligini tushuntirgandi.

2019-yil iyun oyida O‘zbekiston energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev (hozirda Energetika bozorini tartibga solish agentligi rahbari) Markaziy Osiyo mamlakatlarida operatorlar uchun elektr energiyasi ulgurji bozorini tashkil etish rejasini e’lon qilgan edi. Bunday birjada Markaziy Osiyoning elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari ortiqcha ishlab chiqarilgan quvvatni taklif qilishi mumkin bo‘ladi, O‘zbekiston esa bundan Afg‘onistonga kelajakda elektr energiyasi yetkazib berish uchun yetishmayotgan hajmlarni to‘ldirishda foydalanishni rejalashtirmoqda.