Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbarining fikricha, suv tanqisligi muammosining yagona to‘g‘ri yechimi suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ariqlarni betonlash hisoblanadi.
Jumladan, 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani evaziga 200 ming gektar maydonda suv yaxshilangan, yiliga 450 million kub metr suv tejalmoqda. Fermer va klasterlar tomonidan ham 13 ming km ichki tarmo betonlangan.
“Suv boshqaruvi isloh qilinib, tumanda suvni hisobga olish tizimi shakllandi: fermerlar suvni hisob-kitob qilishga salgina bo‘lsa ham dunyoqarashi o‘zgardi, desak, bu ham haqiqat. Shaffof tizim qilganimiz uchun bu yil yerga ikki karra ko‘p suv bordi, yana 6 milliard kub metr suv hisobi joy-joyiga qo‘yildi”, — dedi u.
Biroq dolzarb muammolar saqlanib qolmoqda. Masalan, klaster va fermerlarga bir kubometr suv yetkazib berish o‘rtacha 212 so‘mga to‘g‘ri kelsa, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu 2−3 baravar qimmat.
Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi. Lekin o‘rta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayapti. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10−15 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 20 ta tumanda bu ko‘rsatkich yuqori, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident noyabrdan martgacha bo‘lgan vaqt kanallarni betonlashtirish uchun eng qulayi ekanini ta’kidladi. Ayni paytda 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlashtirish zarur.
“Kanallarda yiliga 13 milliard kub metr (33 foiz) suv yo‘qotilyapti, Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining bir yillik ishlatadigan suviga teng. Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 milliard so‘m ajratiladi”, — dedi u.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, o‘tgan yili texnika, ishchi kuchi va qum-shag‘aldan yordam bo‘lgani uchun betonlash xarajati 2 karra arzonlashgan. Pudratchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sement yetkazib berish orqali tannarxni yana 20 foizga pasaytirish kutilmoqda.
Davlat rahbari betonlangan kanallarda suv oqimi tezlashib, kichik GESlar qurish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. Navoiy viloyatida 11 megavattli 148 ta shunday stansiya qurish boshlangan. Umuman, hududlarda 2 mingta mikro GES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt elektr olish rejalashtirilgan.
“Masalan, Qaxramon kanalini betonlash hisobiga suv oqimi tezligi 2−3 karra oshadi. Hozir tezligi 1 m/s. Natijada kanalning 3 kilometr qismiga bemalol 10 ta mikroGES o‘rnatsa bo‘ladi. Hamma yerda shuni qilsa bo‘ladi, hamma yerda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu borada xususiy sheriklik shartlarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga e’lon qilish topshirildi.
Prezident 2023-yilning noyabrida 2024-yilda 1500 kilometr, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p kanallarni betonlashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Ammo joriy yilda 550 kilometr uzunlikdagi ariqlar betonlanishi haqida xabar berildi.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevning ma’lum qilishicha, kanallarni betonlashtirish uchun xalqaro moliya institutlari, shuningdek, davlat budjetidan 600 milliard so‘m mablag‘ jalb etiladi.
2023-yil aprel oyida Suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari 2030-yilga borib mamlakatda 7 milliard kub metr suv yetishmasligini ta’kidlagan edi (hozirgi hajmning 25 foizi). Hamkor BCG O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha tashabbuslarni 10 milliard dollarga baholagan. Uning so‘zlariga ko’ra, davlat xarajatlarni to‘g‘ri belgilashi kerak.