Afg‘oniston va afg‘on xalqining Amudaryo suvidan foydalanishga xuddi O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar singari haqqi bor. Bu haqda 25-oktabr kuni “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida OAV vakillariga intervyu bergan O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan Qo‘shtepa kanalini qurish masalasi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi tuzgan. Unga har ikki tomonning suv xo‘jaligi vazirlari hamraislik qilmoqda. “Hozirgacha kanal masalasida ikkita majlis bo‘lib o‘tdi. Birinchisi, Kobul shahrida, ikkinchisi Mozori Sharifda tashkil etildi. Uchinchisini yaqin kelajakda Toshkent shahrida o‘tkazishni rejalashtirganmiz”, — dedi Irgashev.
“Albatta, Afg‘oniston va afg‘on xalqining Amudaryo suvidan foydalanishga xuddi biz va boshqa mamlakatlar kabi haqqi bor. Masala shundaki, Amudaryodan olinadigan suv hajmi va bu suv manbaidan foydalanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini nazarda tutish [muhim]. Uchinchi masala esa Amudaryo suv sathi har yili har xil bo‘ladi: bir yili to‘lib oqsa, boshqa yili kamroq bo‘ladi. Shunga qarab undan foydalanadigan mamlakatlar kvotani, ya’ni o‘z ulushini kamaytirishi yoki teng taqsimlashi kerak, masala shunda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ismatulla Irgashev intervyu davomida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar va’dalari haqida gapirdi.
“U „Biz hech qachon O‘zbekiston xalqining suv bo‘yicha manfaatlariga putur yetkazmaymiz. Qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ikki mamlakat o‘rtasida hech qachon adovatga aylanmaydi. Balki buni do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylantiramiz. Qo‘shtepa kanalini qurish, Amudaryo suvi manbalaridan foydalanish hamda global iqlim o‘zgarishi sharoitida biz O‘zbekistonni o‘zimizga eng yaqin hamkorimiz deb bilamiz va bunga sodiq qolamiz“, dedi. Bu masalani ko‘pchilik bo‘rttirib ko‘rsatishga, kelajakda og‘ir munozaralar yoki vaziyatning keskinlashuviga olib keladi, degan fikrlarni tarqatmoqda. Ishonchim komilki, biz yaqin qo‘shni bo‘lmish birodarimiz afg‘on xalqi bilan bu masalaning yechimini albatta, topamiz va bu to‘g‘risida hech qanday muammo bo‘lmaydi”, — dedi maxsus vakil.
2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Shavkat Xamrayev Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston Amudaryodan qancha suv olishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali 600 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekani haqidagi gaplar esa asossiz. Vazir Shavkat Xamrayevning aytishicha, “Tolibon” taxminan 300 ming gektarni sug‘ormoqchi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetadi. O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intiladi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 15-sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida mazkur kanal haqida gapirar ekan, “Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi”, — dedi.
Kanalning ishga tushirilishi “Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin”, deb ta’kidladi va kanal qurilishining barcha jihatlarini va uning Amudaryoning suv rejimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga chaqirdi.
2023-yil 12-oktabr kuni Qo‘shtepa kanali qurilishining 2-bosqichiga start berildi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “Tolibon” rasmiylari mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekistondan Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha tashvishlanmaslikni so‘radi. Ular Afg‘oniston mintaqaviy muammolarni diplomatik aloqalar orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.