26-oktabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi, tahlilchilarga ko‘ra, voqelik tarixiy bo‘lishni va’da qilmoqda. Saylov kampaniyasi tobora keskinlashib borayotgan va qutbli vaziyat fonida o‘tmoqda.

Asoschisi va milliarder Bidzina Ivanishvili boshchiligidagi 12 yildan beri hokimiyatda qolayotgan “Gruzin orzusi” partiyasi saylovlarni “urush va tinchlik o‘rtasidagi referendum” deb ta’riflamoqda, ularning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat va qandaydir “global urush partiyasi” Gruziyani sudrab olmoqchi.

Muxolifat esa ularni demokratik G‘arb va avtoritar Rossiya o‘rtasidagi tanlov sifatida ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy so‘rovnomalar aniq natija bermayapti va hech qaysi partiya parlamentda ko‘pchilikni tashkil eta olmasligi va koalitsiya tuzish talab qilinishini bashorat qilmoqda.

Saylovda qaysi partiyalar ishtirok etadi?

  1. “Gruzin orzusi” — hozirgi hukmron partiya. U ilk bor 2012-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qozongan. Gruziyadagi avvalgi hukumatlar bor-yo‘g‘i ikki muddatga saylangan, ammo “Orzu” to‘rtinchi muddatga qolish uchun kurashmoqda. Shuningdek, u “Xalq kuchi” siyosiy harakatini birlashtiradi.
  2. “Gruziyani qutqarish uchun birlik” — mamlakat sobiq prezidenti Mixail Saakashvili asos solgan Gruziyadagi eng mashhur muxolifat partiyasi — “Milliy harakat”, “Agmashenebeli strategiyasi” va “Yevropa Gruziyasi” partiyalari, shuningdek, individual siyosatchilardan iborat koalitsiya.
  3. “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” — Nika Gvaramiya (“Mtavari Arxi” muxolifat telekompaniyasining sobiq bosh direktori) va Nika Melia boshchiligidagi (“Milliy harakat” sobiq rahbari) “Axali”, shuningdek, “Girchi — ko‘proq erkinlik” va “Droa” partiyalari birlashmasi.
  4. “Kuchli Gruziya” — biznesmen va Gruziya TBC Bank asoschisi Mamuka Xazaradzening “Lelo” partiyasi atrofida birlashgan ko‘p partiyali saylov koalitsiyasi.
  5. “Gruziya uchun” partiyasi — uni Gruziyaning sobiq bosh vaziri va Bidzina Ivanishvilining sobiq ittifoqchisi Georgiy Gaxariya boshqaradi. Partiyaga asosan turli vaqtlarda “Gruzin orzusi”ni tark etgan siyosatchilar kiradi.

Saylovlar qanday o‘tadi?

Bo‘lajak saylovlar Gruziyadagi ilk to‘liq proporsional saylovlar bo‘ladi. Mamlakat 2019-yildan buyon proporsional tizimga o‘tishga harakat qilmoqda.

Parlamentga kirish uchun partiyalarni koalitsiya tuzishga undagan 5 foizlik to‘siqni yengib o‘tish kerak. Parlamentda 150 o‘rin bor. O‘rinlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritgan partiya bosh vazirlikka nomzod ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, saylov birinchi marta elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi. Saylovchilarning qariyb 90 foizi saylov uchastkalarida o‘rnatilgan elektron qurilmalar yordamida ovoz berishi kutilmoqda.

“Gruzin orzusi”ning saylov ritorikasi

“Gruzin orzusi” saylov kampaniyasi butunlay populistik, antiliberal va rossiyaparast narrativlarga asoslangan, deya qayd etdi JAMnews. “Orzu” saylovchilarni agar ular muxolifatni saylasa, Gruziya urush yoqasiga kelib qolishiga ishontirmoqda. Sentabr oyida Tbilisi ko‘chalarida chap tomonda Ukrainadagi urush paytida vayron qilingan binolarning oq-qora fotosuratlari va o‘ng tomonida “tinch” Gruziyaning rangli tasvirlari aks etgan bannerlar paydo bo‘lgandi. Xuddi shu mazmundagi videolar telekanallarda ham namoyish etila boshlandi. Buni rad etgan kanallarning har biri 1800 dollardan jarimaga tortildi.

“Orzu”, shuningdek, agar parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritsa, barcha muxolif kuchlarni taqiqlashni va’da qilmoqda. Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzega ko‘ra, bu partiyalarning barchasi “kollektiv “Milliy harakat"”ni ifodalaydi, ba’zilari esa jinoiy kuchlar bilan aloqador. Ivanishvili bundan ham uzoqroqqa bordi va “Milliy harakat”ning “Nyurnberg sudini” tashkil etishga va’da berdi.

“Gruzin orzusi” o‘z kampaniyasida hududiy yaxlitlik mavzusidan ham faol foydalanadi. Ivanishvili sentabr oyidagi chiqishlaridan birida Gruziya 2008-yilgi harbiy mojaro uchun osetinlardan kechirim so‘rashga o‘zida kuch topishini aytgan edi. U hech qachon Rossiya tajovuzkorligi haqida gapirmagan, deb ta’kidlaydi Bi-bi-si rus xizmati.

Muxolifat marshi

20-oktabr kuni Tbilisida “Gruziya Yevropa Ittifoqini tanlaydi” deb nomlangan minglab kishili marsh bo‘lib o‘tdi. Aksiyadan maqsad mamlakatning g‘arbparastlik yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashni namoyish etish edi.

Aksiya ishtirokchilari Gruziya, Yevropa Ittifoqi, Ukraina, muxolifat partiyalari va birlashmalari bayroqlarini ushlab turdi. Ularga mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili murojaat qildi.

Iyulda YeIning Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy YeI Gruziyaning ittifoqqa qo‘shilish jarayonini to‘xtatganini aytgan edi. Yevropa Kengashi bayonotida YeI “Gruziyadagi so‘nggi voqealardan, xususan, “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan jiddiy xavotir bildirishi”i aytiladi.

Xorijiy agentlar to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligiga o‘xshashligi uchun muxolifat tomonidan “xorijiy agentlar” qonuni deb atalgan qonun ommaviy noroziliklarga qaramay, may oyida Gruziya parlamenti tomonidan qabul qilingan edi. Hukmron partiya ikkinchi urinishda hujjatni tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Qonun AQShning ham salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi. Iyun oyida Qo‘shma Shtatlar qonun qabul qilinishi munosabati bilan o‘nlab Gruziya fuqarolariga, jumladan, Gruziya parlamenti a’zolari va xavfsizlik xodimlariga nisbatan viza cheklovlarini joriy qilgan edi.