Samarqand viloyati Ishtixon tumanida Lacetti va mototsikl ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda MY5 telekanalining Hudud dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, holat tumanning Odil mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Tezlikni me’yoridan oshirgan Lacetti qarama-qarshi tomondan yo‘nalishida kelayotgan mototsiklga kelib urilgan. Oqibatda mototsikl haydovchisi va 13 yoshli farzandi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
“Mototsikl ancha eski edi, yorug‘ligi yetarli emasdi, menga ko‘rinmadi. Faqatgina urilganda bildim. Aql-hushim joyida, ko‘rganimda “obgon”ga chiqmasdim. To‘g‘ri, menda ham ayb o‘tdi. Bir soniya butun hayotimni shunchalar o‘zgartirib yubordi”, — dedi haydovchi.
U hozirda Ishtixon tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.