Prezident 30-avgust kuni “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari 27-avgust kungi majlisda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqqani haqida yozgandik.
Faxriy unvon “biznesning yangi, yuqori daromadli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, sohaga innovatsiyalarni keng joriy qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, o‘z faoliyati davomida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirib, ijtimoiy loyihalardagi faolligi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan, biznes yuritishda katta tajribaga ega, ilg‘or va tashabbuskor” tadbirkorlik subyektlari rahbarlari va ta’sischilariga beriladi.
U 30 mm diametrli va kumushdan yasalgan doira shaklida bo‘ladi.
Unvonning old tomonida o‘rtada O‘zbekiston xaritasi va quyosh nurlari fonida “tadbirkorlik jadal rivojlanishi va uning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasini” ifodalovchi iqtisodiy o‘sish belgisi va tangalar tasvirlangan.
Medalning pastki o‘ng qismida dafna novdasi, yuqori qismida esa “Xizmat kursatgan tadbirkor” yozuvi joylashgan.
O‘zbekistonda hozirda turli kasb vakillari: fan, madaniyat, san’atda xizmat ko‘rsatgan arboblar, me’morlar, quruvchilar, sanoat xodimlari, pillakorlar, paxtakorlar, chorvadorlar, sportchilar va murabbiylar uchun 35 dan ortiq faxriy unvon mavjud.
31-avgust kuni mazkur unvonning ilk egasi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri rahbari Noriyeva Sharofat Ergashevna bo‘ldi.