Siyosat
Toshkent viloyatining Sirdaryo va Namangan viloyatlari bilan chegarasiga o‘zgartirish kiritilmoqda
Toshkent viloyatining Sirdaryo, Namangan bilan chegara hududlarida o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Bu viloyatlararo chegara chiziqlarini bir chiziqqa keltirish maqsadida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Parlament saylovi byulletenlarining shakli tasdiqlandi
Markaziy saylov komissiyasi Parlament saylovi byulletenlarining shakli va tavsifini tasdiqladi. Bunday byulletenlar ixchamligi sabab chop etish xarajatlarini 3 mlrd so‘mgacha kamaytiradi, natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi ham qisqaradi.
Iqtisodiyot
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni ta’sis etildi
Prezident “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. U yuqori daromadli tadbirkorlik yo‘nalishlarini tashkil etgan va iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shgan “tadbirkorlik subyektlarining ilg‘or va tashabbuskor rahbarlari va ta’sischilari"ga beriladi.
Samarasiz foydalanilayotgan bog‘, shifoxona, madaniyat va sport saroylari DXSHga berilishi mumkin
O‘zbekistonda samarasiz foydalanilayotgan yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari, istirohat bog‘lari xususiy sektorga DXSH asosida berilishi mumkin. Qolaversa, “sotib olish yoki to‘lab berish” shartnomalarida davlat majburiyatlarining yuqori chegarasini belgilash rejalashtirilmoqda.
“Maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozorda sotish hisobiga rivojlanmoqda” — prezident
2023-yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnikalarning 70 foizi ichki bozorda sotildi. Prezident qo‘shni bozorlarda butlovchi qismlarni ortiqcha to‘lovsiz yetkazib berish uchun yirik uzelli yig‘uv korxonasini yo‘lga qo‘yish, elektrotexnika mahsulotlarining qo‘shilgan qiymatini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
“O‘zbekiston gazni 160 dollarga sotib olmoqda va 5,2 mlrd kub metr gaz import qildi” — Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari
Birinchi yarimyillikda O‘zbekiston 5,2 mlrd kub metr — o‘tgan yil olti oyiga nisbatan qariyb 2,3 barobar ko‘p gaz import qildi. Gaz 1000 kub metri uchun 160 dollardan olib kelinmoqda. Soliq qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari bilvosita soliqlar (aksiz, QQS) ulushining kamayishini gaz bilan bog‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi qachondan joriy etilishi ma’lum qilindi
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini 2024-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish taklif etilmoqda. Boshqa hududlarda esa 2026-yil yakuniga qadar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Toshkent metrosida poyezddagi nosozlik tufayli qatnov grafigi buzildi
Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘lidagi “Xalqlar do‘stligi” bekatida poyezdda nosozlik yuzaga kelgani sababli har ikki yo‘nalishda yarim soatga yaqin harakat to‘xtab qoldi.
Farg‘onada UzAuto Motors avtotreyleri YTHga uchradi (video)
Farg‘ona viloyatida UzAuto Motors avtotreyleri haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘ldan chiqib ketdi. Kompaniya 8 ta Cobalt zarar ko‘rgani, jarohatlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Sharof Rashidovning o‘g‘li vafot etdi
Sharof Rashidovning o‘g‘li Ilhom Rashidov 74 yoshida vafot edi.
Qashqadaryoda paxta to‘qimachilik klasterlari 3 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olgani aniqlandi
Qashqadaryodagi 2 ta paxta to‘qimachilik klasteri 3 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olgani aniqlandi. Xususan, ular mahsulotni birjaga chiqarmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan. Raqobat qo‘mitasi holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atib, mablag‘larni ixtiyoriy ravishda qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Tug‘ilganidan buyon davolanayotgan 7 oylik qizcha Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelindi
Tug‘ilganidan beri davolanayotgan 7 oylik qiz O‘zbekiston bolalar ombudsmani ko‘magida Sankt-Peterburgdan shifokor hamrohligida olib kelindi. Uning ota-onasi aprel oyida yashash muddati tugagani sababli uyga qaytishgan. Xarajatlarni qoplashga o‘zbek diasporasi va tadbirkorlardan biri yordam berdi.
Andijonda Damas mashinasida 32 nafar bog‘cha bolasi tashildi (video)
O‘nlab bolalarni bir mashinaga o‘tqazib harakatlanish bo‘yicha navbatdagi holat Andijon tumanida qayd etildi: Damas haydovchisi 32 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotganda to‘xtatildi. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 187,5 ming so‘m jarima qo‘llandi.
O‘zbekiston va KXDR futbol uchrashuvi sabab “Bunyodkor” stadioni yaqinidagi ko‘chalarda harakat cheklanadi
Futbol bo‘yicha JCH saralash bosqichi doirasidagi O‘zbekiston va KXDR uchrashuvi sabab soat 23:00 gacha Toshkentning Chilonzor, Cho‘ponota va Bunyodkor ko‘chasining bir qismida transport harakati cheklanadi.
Samarqandda Lacetti bilan to‘qnashgan mototsikl haydovchisi va farzandi halok bo‘ldi
Ishtixon tumanida yuqori tezlikdagi Lacetti qarama-qarshi yo‘ldagi mototsikl bilan to‘qnashdi. Oqibatda mototsikl haydovchisi va 13 yoshli farzandi voqea joyida halok bo‘ldi, mashina haydovchisi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Central Asian University Raqobat qo‘mitasi bayonotiga javob berdi
Raqobat qo‘mitasi 7 nafar sobiq talabaning pullari qaytarilmagani yuzasidan Central Asian University’ga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. CAU talabalar universitetga murojaat qilmagani, hozirda mablag‘ni qaytarib berish boshlanganini aytdi.
Sport
Paralimpiya o‘yinlari: 8-kunda O‘zbekistondan 9 nafar sportchi qatnashadi
Paralimpiya o‘yinlarining sakkizinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasining 9 nafar a’zosi sportning 4 ta turi bo‘yicha ishtirok etadi. Taqvim.
Futbol bo‘yicha JCh-2026 saralashi: O‘zbekiston Shimoliy Koreyani mag‘lub etdi
O‘zbekiston futbolchilari JCh-2026 saralashi uchinchi bosqichining birinchi o‘yinida KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona gol Jaloliddin Masharipov tomonidan kiritildi, darvozabon O‘tkir Yusupov esa penalti qaytardi (video, foto, statistika).
Jahon
Braziliya sudi X’ni bloklashni buyurdi, Starlink ijtimoiy tarmoqqa kirishni cheklashga rozi bo‘ldi
Braziliya Oliy sudi X’ga (Twitter) kirishni cheklashga qaror qildi va blokni chetlab o‘tganlik uchun jarimalar joriy qildi. Bunga ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask mamlakatda qonuniy vakil tayinlashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi. Milliarderga tegishli Starlink tortishuvlardan so‘ng tarmoqni bloklashga rozi bo‘ldi.
Mishel Barne — Fransiyaning yangi bosh vaziri
Parlament saylovlaridan ikki oy o‘tib, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sobiq yevrokomissar va Fransiya Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Mishel Barneni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. 73 yoshli siyosatchi Fransiya tarixidagi eng keksa bosh vazirga aylandi.
Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi tinch yig‘ilishlarga qo‘yilgan cheklovlarning qonuniyligini tekshiradi
Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi mahalliy hokimiyat organlarining boshqa tadbirlar o‘tkazish, tanlangan vaqt va joyda ta’mirlash ishlarini olib borish kabi sabablar bilan tinch yig‘ilishlarni o‘tkazishdan bosh tortishi qanchalik qonuniy ekanini ko‘rib chiqadi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!