Davlat OTMlarida super kontrakt uchun arizalarni onlayn qabul qilish va shartnomalarni berish boshlandi, deb xabar qildi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
2024/2025 o‘quv yili qabulida to‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt miqdorlari belgilangan.
Unga ko‘ra, to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:
- 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
- 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
- 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
- 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.
Bunda, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun to‘lov kontraktning minimal miqdorlarini hisoblashda:
- oliy ta’lim muassasalarida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan (stipendiyasiz) bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qitish qiymati qo‘llanadi;
- moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarida esa 2024/2025 o‘quv yili qabuli uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlari belgilagan (stipendiyasiz) to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan yuqoridagi barobarlar hisoblanadi.
Tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt qiymatini 2024-yil 15-oktabrga qadar to‘liq to‘lagan abituriyentlarga 10 foizlik chegirma beriladi.
Barcha yo‘nalishlar uchun belgilangan super kontrakt miqdorini ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.