Shavkat Mirziyoyev shanba oqshomida Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.

Davlat rahbari milliy istiqlolning “buyuk, tarixiy ahamiyati”, buning sharofati bilan “milliy davlatchiligimiz qayta tiklangani”ni alohida ta’kidladi. “O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi” va “jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egalladi”.

“Shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy. Ular — o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yo‘lida jon fido etgan ulug‘ ajdodlarimizdir. Ular — g‘oyat og‘ir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat g‘oyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu g‘oya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz”, — dedi prezident.

Keyingi yillarda yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘ydik. Har bir ishimiz, har bir yutug‘imizda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g‘oya chuqur kirib bormoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ta’kidladiki, “Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Lekin hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.

“Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ta’lim sohasini takomillashtirishni islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi deb atadi: “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham — faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir”.

U qizlarning ota-onalariga alohida murojaat qildi: “Qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!”

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlariga murojaat qilar ekan, shunday dedi: “Mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz, avvalo, sizlarning timsolingizda ko‘ramiz. Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz”.

Davlat rahbari O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va mamlakatni “xalqaro savdo makonining ajralmas qismi”ga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishini ta’kidladi.

“Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak. Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, e’tiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar ko‘p. Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bog‘lagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama rag‘batlantiramiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosat haqida gapirar ekan, “tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanayotganini” ta’kidladi.

“Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sog‘lom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur. Ayni paytda dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatli aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz”.

Prezident O‘zbekiston xalqini oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan deputatlar saylovida faol ishtirok etib, “Yangi O‘zbekiston, erkin va obod hayot, bolalarning baxtli kelajagi uchun ovoz berishga” chaqirdi.

Xulosa o‘rnida ta’kidladiki, bugungi kunning asosiy vazifasi “o‘z kuchimiz va salohiyatimiz bilan yaratgan mustaqil davlatimiz, erkin jamiyatimiz yanada go‘zal va qulay bo‘lishini ta’minlashdir. Bu tinimsiz mehnat qilishga arziydigan yuksak marra. Bu hayotingizni bag‘ishlashga arziydigan yorqin, ulug‘vor maqsaddir”.

“Men ishonaman — barchamiz bir bo‘lib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-g‘ayratimizni ishga solib, bu ulug‘ manzilga albatta yetamiz. Yorug‘ va nurafshon kelajagimizni — yangi O‘zbekistonni, albatta, barpo etamiz!” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident nutqidan so‘ng istirohat bog‘ida O‘zbekiston madhiyasi yangradi, mamlakat Harbiy-havo kuchlariga qarashli beshta Su-25 samolyoti osmonda davlat bayrog‘ini chizdi.