Para yengil atletikaning erkaklar o‘rtasidagi F37 klassida yadro uloqtirish dasturida O‘zbekiston hisobiga 2 ta medal yozildi.
Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev 16.37 metr natija bilan chempion bo‘lgan, 15.24 metr natija qayd etgan Tolibboy Yo‘ldashev bronza medaliga ega chiqdi.
Ma’rufxo‘jayev 1999-yil 21-dekabrda tug‘ilgan. 2018-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. U Hanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda 2023-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Murabbiyi — Mavlonbek Xaydarov.
Yo‘ldashev esa 2003-yil 4-sentabrda tug‘ilgan. 2018-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. U Hanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida kumush hamda 2023-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Murabbiyi — Ibrohim Yusupov.
O‘zbekiston medallar jamg‘arish bo‘yicha 8-o‘rinda bormoqda. Mamlakat hisobida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bor.