Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan Universalbank ATBga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘rganishlar davomida Universalbank tomonidan e’lon qilingan “Sarmoya 25” nomli omonat turi reklamasida yillik foiz stavkasi 25 foizni tashkil etishi haqida axborot berilgani aniqlangan.
Ushbu reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, omonatning muddati 18 oy ekani, yillik foiz stavkasi 22 foizni tashkil etishi, foizlar har oyda to‘lanishi va kapitalizatsiya qilinmasligi ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, omonat turi yuzasidan boshqa muhim ma’lumotlar (omonat muddati, omonat kiritishning eng kam miqdori va boshqalar) berilmagan, deyiladi xabarda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi hamda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan Universalbank’ka nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llandi.
Shuningdek, bankka qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bu Raqobat qo‘mitasi banklarni reklama qonunchiligi talablarini buzishda ayblab javobgarlikka tortayotgan so‘nggi ikki oy ichidagi beshinchi holat. Bir necha kun avval “Ipak yo‘li” banki reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan edi — u omonat turlari reklamasida muhim ma’lumotlarni to‘liq bermagan. Bank reklamada omonat haqida batafsil ma’lumotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola yo‘qligini tan olgan va uzr so‘ragan.
Iyul oyida Qo‘mita “Ipotekabank"ni Super omonatini reklama qilgani uchun jarimaga tortgandi. Reklama materiallari yiliga 26 foiz rentabellikni ko‘rsatgan, ammo rasmiy shartlarga ko‘ra, dastlabki uch oydan keyin bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaytiriladi.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonunni buzganlik uchun AVO Bank’ka ham jarima solgan. Bonuslar sahifasi va kredit karta materiallarida potensial noto‘g‘ri ma’lumotlar o‘rin olgandi. Bundan tashqari, OFB’ning Termiz shahri filialiga nisbatan ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari uchun jazo choralari qo‘llangan.