Dastavval, Toshkent chinni zavodi o‘zidan katta o‘rtoqlari — tajribali zavodlar tomonidan ishlab chiqarilgan mashhur shakllar va modellarni takrorlagan. Professional rassomlar va naqqoshlar (gulli naqshlar bo‘yicha ixtisoslashgan rassomlar) ustoz-shogird an’anasiga amal qilib, mahalliy hunarmandlarga o‘z mahoratlarini o‘rgatgan. Ular oz fursatda chetdan kirib kelgan texnologiyalarni mahalliy rang-baranglik bilan to‘ldira olgan iqtidorli kadrlarni topishga muvaffaq bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan Toshkent chinni zavodi Yoqub Qoraboyev va Xoliq Haydarov kabi hunarmandlarni o‘zida jamlagan o‘zbek ustalaridan iborat o‘z jamoasini shakllantirgan. Shu tariqa, ishlab chiqarishga mutlaqo yangi dizaynlar kirib kela boshlagan.
“Toshkent chinni zavodida standart piyolalar, kosalar, laganlar, dumaloq choynaklar ishlab chiqarilgan. Lekin idishlardagi suratlar o‘ziga xos tarzda shakllantirilgan, — deydi Tursunali Qo‘ziyev. — Butun o‘zbek xalqiga tanish, qadrdon, dunyoga mashhur „Paxtagul“ brendi zavodning butun faoliyati davomida qanchadan-qancha improvizatsiya, stilizatsiya va modernizatsiya jarayonlaridan o‘tgan. Bir qo‘shnimning servizida shu dizayndagi piyolalarning o‘n bir xil namunasini sanaganman! Bir qarashdan idishlar bir xildek, lekin hammasida paxta har xil”.
Materialga izohlar