O‘zbekistonda o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar javobgarlikka tortilmaydi. Bu haqda 27-avgust kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi.
Qayd etilishicha, endilikda shaxs o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Avval bunday norma mavjud bo‘lmagan.
“Ushbu qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasi xollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi”, — deyiladi hujjatda.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, o‘qotar quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish qurolni va o‘q-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.