O‘zbekistonda 10-sentabrdan “Umra — 2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanadi. Bu haqda Haj-Umra markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchilar Uzbekistan Airways AJ aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarda Saudiya Arabistoniga olib boriladi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi.
Mavsum davomida tajribali ishchi guruh va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar yo‘lovchilarga hamroh bo‘ladi, deyiladi idora xabarida.
Ziyoratchilar Madina shahridagi Grand Shahba, Makka shahrida esa Marmara Group Hotel mehmonxonalariga joylashadi. Mehmonxonalar 3−4 o‘rinli bo‘lib, 3 mahal taom, shirinlik va mevalar bor.
Eslatib o‘tamiz, “Haj va Umra” markazi Umra xizmatlari narxini 2024-yil 10-yanvardan e’tiboran bir kishi uchun 16 600 000 so‘m etib belgilagan. Markazning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, xizmat narxi o‘zgarishi mumkin. Bu haqda aniq ma’lumot keyinroq taqdim etiladi.