Oltinko‘llik Shohjahon O‘razaliyev shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida eng ko‘p muhokama qilinayotgan shaxslardan biri — u iyul oyi oxirida Andijondan Qoraqalpog‘iston tomon piyoda yo‘lga chiqib, jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Bir oyga qolmay, O‘zbekistonning turli nuqtalarida — xuddi Hollivudning “Forrest Gamp” filmi qahramoni bilan bo‘lgani singari — unga ergashuvchilar ham paydo bo‘ldi. “Gazeta.uz” Shohjahonning Instagram sahifasidagi postlar, shuningdek, ijtimoiy mediada u haqida qoldirilgan ma’lumotlar asosida yozning ushbu e’tiborga molik hodisasi haqida hikoya qiladi.
Hammasiga sababchi komment
Idora buyumlari (kanselyariya) savdosi bilan shug‘ullanuvchi 25 yoshli Shohjahon Instagram’dagi sahifasida o‘ziga “Omon qolish bo‘yicha ekspert” deb ta’rif bergan. Nukus safariga qadar u turli vaziyatlarda, masalan, morj, it, tornado,samolyot, akula hujum qilganida, oziq-ovqat yetishmovchiligida qanday omon qolish mumkinligi haqida hazilomuz videolar tayyorlagan. Mavzu topishda “Qanday qilib falon holatda, falon narsadan omon qolish mumkin?”, deb savol qoldiradigan obunachilarining yordamidan ham foydalangan.
Ana shunday “yordamchi obunachi”lardan biri: “Andijondan Qoraqalpog‘istongacha piyoda boring, ekspert!”, deb izoh qoldiradi — hammasi shundan boshlanadi. “Hazillashyapsizmi, shu issiqda-ya?” — deb savol qo‘yadi Shohjahon; ammo g‘oya o‘ziga ham qiziq ko‘rinadi va o‘zi hech qanaqasiga yutqazmaydigan shart qo‘yadi: “Agar shu video 48 soat ichida 25 ming layk va 25 ming komment yig‘sa, har qanday ishimni yig‘ishtirib, hatto “dunyoni qutqarish” bo‘yicha ishlarimni ham ortga surib, emaklab bo‘lsa ham, qancha vaqt ketsa ham, Qoraqalpog‘istongacha piyoda boraman”.
28-iyul kuni tong soat 4:45 da qo‘yilgan video 31-iyul sahar 5:00 gacha 31 ming layk va 18 ming komment yig‘adi. Shohjahon va’dasini bajarish uchun shu kuni tonggi soat 8:45 da, kuzatuvchilaridan duo qilishlarini so‘rab, “Allohga tavakkal qilib”, Andijondan Qoraqalpog‘istonga piyoda yo‘lga chiqadi. O‘zining aytishicha, u mana shunga o‘xshash g‘ayrioddiy tavakkalchilikka ilk bora qo‘l urgani yo‘q — uch yil avval, Rossiyada ishlab yurganida 33 soat davomida bir tiyin pulsiz ko‘chada yashab ko‘rgan.
Qoraqalpog‘istongacha piyoda safar qilmoqchiligini eshitgan oila a’zolari avvaliga bunga qarshi bo‘lgan, lekin Shohjahon ularni “bir amallab ko‘ndirgan”. “Onam o‘tib ketganlar — haqqiga duo qilib qo‘yasizlar. Yaqinlarim qarorlarimni qo‘llab-quvvatlashadi — uydagilar, dadam [bilan] doim gaplashib turamiz, Telegram’da kuzatib borishadi”, — deb ta’kidlagan yigit.
Yo‘l azobi va quvonchlari
Shohjahon ryukzak, termos, poverbank, sochiqlar, soyabon va yo‘lda kerak bo‘ladigan yana bir necha buyumlar bilan yo‘lga chiqadi. Ikki soat yurgach, “oyoqlari yig‘lab yuborayotgan” bo‘lsa-da, kayfiyati yaxshi ekanligini tasdiqlovchi post qoldiradi: “Pochtalaringiz bo‘lsa, olib ketaman. Ketganga yarasha, bir-ikki so‘m pul ishlab ketay”, deb hazillashadi. Keyingi videosida ham bu xushchaqchaqlikni to‘xtatmaydi: “Radar kelyapti, sekinroq yuramiz, tez o‘tib ketib, keyin men ham o‘ylanib yurmay — qachon jarima keladi, deb”.
Uni birinchi kundanoq muxlislari qo‘llab-quvvatlashadi, masalan, Bo‘ston tumanida to‘rt yigit suv bilan kutib oladi. To‘xtovsiz yetti soat — 30 kilometr yurib, Farg‘ona viloyati Yozyovon tuman markaziga yetib boradi va “oyoqlari „otkaz“ bergani uchun” ikki soat dam olib, yana yo‘lga tushadi. Oxiri Yozyovonning Soybo‘yi shaharchasiga yetib borib, shu yerda tunab qoladi. Aytish joiz, safarining keyingi kunlarida u yo‘lda uchragan ovqatlanish muassasalari, ba’zida yoqilg‘i quyish shoxobchalari, shuningdek, uning safarini kuzatib borayotgan mehmondo‘st obunachilarning uylarida tunab qolmoqda.
Safarning ikkinchi kunida poyabzal bilan bog‘liq muammo chiqadi: “Yo‘lga chiqishdan oldin oyoq kiyimning hisobini olmagan ekanman. Tagi oyog‘imni og‘ritdi, [yechib oldim]. Issiq, to‘xtab qolsang, oyoqni kuydiryapti”. Ko‘p o‘tmay, Farg‘onadagi do‘konlardan birining vakillari yo‘lda uni izlab topib, krossovka va futbolka sovg‘a qilib ketadi.
Umuman olganda, yo‘l davomida u ko‘plab sovg‘alar egasiga aylanadi: masalan, safarning 10-kunida bir tur-firma unga Umra safari uchun 50 foizlik chegirma beradi (Qoraqalpog‘istonga yetib borolsa, chegirma 100 foizlik bo‘ladi), 12-kunida esa andijonlik bir tadbirkor unga iPhone sovg‘a qiladi. Samarqandda bir o‘quv markazi ingliz tilini o‘rganish uchun bir yillik bepul sertifikat taqdim etadi. Ammo u bu sovg‘ani qabul qilolmasligini bildiradi. Shundan so‘ng sertifikat Shohjahon nomidan 12 samarqandlik uchun til kursida bir oy bepul o‘qish imkoniyatiga aylanadi.
Safarning 6-kunidan boshlab uning Instagram sahifasida reklamalar joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar tusha boshlaganini ham, ehtimol, e’tiborga molik bir yutuq deb bilish mumkindir.
Shohjahon deyarli har bir videosida, o‘zini nazarda tutayotgan bo‘lsa-da, “biz” deb gapiradi. “Nega „biz“ deb gapirasiz, yoningizda biror hamrohingiz ham bormi?”, degan savolga u shunday javob bergandi: “Yo‘q, bir o‘zimman. Lekin, ko‘ryapsizlar — shuncha odam qo‘llab-quvvatlab, kuzatib turibdi. Sizlar bo‘lmaganingizda, shunchalik qo‘llab-quvvatlamaganingizda men shu yergacha yetib kela olardim, deb o‘ylamayman. Shuning uchun ham „o‘zim“ deb gapirolmayman, „biz“ deb gapiraman”.
Bu safarda Shohjahonning eng asosiy yutug‘i — Instagram’dagi kuzatuvchilari soni karrasiga oshgani bo‘ldi. Yo‘lga chiqishi arafasida uning 58 ming obunachisi bor edi. Safarning 14-kunida obunachilar soni 200 mingga yetdi. “Bunaqa bo‘lishini o‘zim ham kutmagandim”, — degandi u o‘shanda. Oradan bir hafta o‘tib, Samarqandni aylanayotganida, obunachilar soni 300 mingdan o‘tdi. “Ekspertlar, bugun biz 300 ming bo‘libmiz. 200 mingni [Sirdaryoda] ko‘chada, yo‘l bo‘yida non yeb nishonlagan edik. Qaranglar, bugun qayerdamiz? Samarqand City’ning eng baland qismida!”, — deya quvonch bilan tungi Samarqanddan video ulashadi. Ushbu maqola chop etilishi arafasida, 25-avgust kuni soat 12:00 da, Shohjahonning obunachilari soni 370 mingdan oshgan edi.
Shohjahon yo‘l davomida qanchadan qancha daryoyu soylarni ko‘rdi, ziyoratgohu masjidlarga kirdi. Umrida birinchi marta quduqdan suv olib ichdi, tuya sutidan, Jizzax somsadan totib ko‘rdi. Salkam bir oydan beri quyosh chiqishiyu botishini poyonsiz dalalar bag‘rida, oxiri ko‘rinmas yo‘llar bo‘yida qarshi olyapti.
Kuzatuvchilarning: “Shu paytgacha biror marta bo‘lsa ham to‘xtash fikr xayolingizga kelmadimi?”, degan savoliga javob berarkan, safarning 2-kunida olib qo‘yganu lekin chiqarmagan videosini ulashgan. Unda nima qilib bo‘lsa ham safarni davom ettirishini aytgan Shohjahonning oyog‘ining tagi tilinib, achishganidan yurolmay qolgan aks etgan.
Darvoqe, u Qorqalpog‘istonga eson-omon yetib borsa, ortga piyoda qaytmasa kerak: bir taksi xizmati allaqachon uni uyiga yetkazib qo‘yish bo‘yicha taklif bergan.
Shohjahondan ilhomlanganlar
Shu vaqtgacha O‘zbekistonda poytaxtdan boshqa begona shaharni ko‘rmagan Shohjahon o‘z safari davomida sarguzashttalab o‘zbekistonliklar kam emasligini ham ko‘rsatib beryapti. Masalan, safarining 16-kuni, Jizzax viloyatiga kirganida, Samarqanddan Qozog‘iston poytaxti Ostonaga piyoda yo‘lga chiqqan kishini uchratadi va unga poverbankini sovg‘a qiladi. Shuningdek, shu Jizzaxning o‘zida O‘zbekistonning 12 ta viloyatini velosipedda aylanib chiqmoqchi bo‘lgan bola bilan tanishib qoladi.
Ular-ku mayli, Shohjahonning yurishini ko‘rib, undan ilhom olganlar va allaqachon yo‘lga chiqqanlar ham talaygina. Masalan, navoiylik Shahzod Shonazarov Shohjahonning videosini ko‘rib, agar videosi ikki kun ichida 10 ming layk va 10 ming komment to‘plasa, Nukusdan Andijonga qarab — Shohjahonga qarama-qarshi yo‘nalishda piyoda yo‘lga chiqishga qaror qilgan. Turgan gapki, so‘ralgan layk ham, komment ham yig‘ilgan va yigit 6-avgust kuni poyezdda Navoiydan Nukusga borgan va 7-avgustdan “Andijon, qaydasan!”, deya yo‘lga chiqqan. Shahzod 22-avgust holatiga Buxoro viloyatining Gazli shaharchasiga yetib borgan edi. 25-avgust holatida esa Buxoro shahrida bo‘lib turibdi.
Aynan 7-avgust kuni Ilknur Ahmadjonov ismli Instagram foydalanuvchisi ham Shohjahondan ilhomlangan holda Qo‘qondan Orol dengizigacha borishga qaror qilgani, safarni 11-avgustdan boshlashini e’lon qilgan. Eng e’tiborilisi, u Shohjahonning bir videosi ostida “Agar shu kommentim mingta layk yig‘sa, Qo‘qondan Orol dengizigacha piyoda boraman”, deb yozgan ekan. 1700 layk to‘plagach va’dasini barjarishni boshlabdi. 22-avgust holatiga ko‘ra, u Jizzax viloyatiga yetib borgan. Shohjahon va Shahzoddan farqli o‘laroq, Ilknurning yonida yo‘l boshidan unga hamroh bo‘lgan sherigi ham bor.
Darvoqe, hamrohlar masalasida. “Forrest Gamp” filmi bosh qahramoni bir kuni shunchaki, hech qanday sababsiz AQSh bo‘ylab yugurib ketib, ortidan u bilan birga yuguruvchi yuzlab izdoshlarini to‘plagani kabi, Shohjahonga ham hamroh bo‘lib, u bilan birga Nukusgacha piyoda borish istagini bildirganlar ko‘p. Lekin Instagram qahramonining o‘zi bunday taklif bilan chiqqanlarning bariga rad javobini beradi.
“Bugun safarni kech boshladim, chunki kecha uxlashga kech yotgandim. Oldimga bir vodiylik [yosh] bola kelib, „meni ham sherik qilib oling“, dedi. Iltimos, bunday deb kelmanglar. Yo‘l uzoq, oson emas. Ertaga, Xudo ko‘rsatmasin, bir narsa bo‘lib qolsa, yaqinlaringiz: „Ha, bolam o‘zi qilgan“, demaydi, mening oldimga keladi. Men bunday javobgarlikni olish niyatim yo‘q. Men hech kimni sherik qilib olmayman”, — deya videomurojaat qoldirgan Shohjahon safarining 17-kunida.
Odamlar nima deyapti, nima qilyapti?
Boshida Shohjahonga yo‘lning uzoqligi, Qizilqum cho‘lida salkam 300 km masofada biror ovqatlanish va dam olish joyi yo‘qligi, qiynalib qolishi mumkinligini aytib, uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lganlar ko‘proq edi, ammo uning harakati, shijoatini ko‘rib, keyinchalik qo‘llab-quvvatlovchilar soni keskin oshgan.
Foydalanuvchilar yo‘l azoblarini yengib o‘tish borasida beminnat maslahatgo‘yga aylangan, masalan, oftobdan himoyalovchi kremlar olish, magnit bo‘ronlarida boshini ehtiyot qilish, og‘rimasligi uchun oyoqni kechqurun devorga tirab, ko‘tarib yotish kabi maslahatlar aynan kommentatorlardan chiqqan. Shohjahon shu kabi tavsiyalarga amal qilib, safarining 2-kunidan turli vitaminlar, xususan, kalsiy icha boshlagan. Yo‘l davomida terisining rangi qorayib, qiynalayotganini sezgan ayrim foydalanuvchilar uning ortga qaytishiga yoki safarni hech bo‘lmasa velosipedda davom ettirishiga ham rozi ekanligini yozgan.
Ayni vaqtda, boshqa bir guruh kuzatuvchilar Shohjahon mana endi “tirik qolish bo‘yicha haqiqiy ekspert”ga aylanayotganini ta’kidlagan.
Shohjahonni nafaqat O‘zbekistondagilar, balki xorijdagi vatandoshlar va qardoshlar ham kuzatib boryapti — Turkiya, Qozog‘istondan yozilgan fikrlar ham kam emas. Bundan tashqari, Shohjahonning postlari ostida u bahona layk to‘plash bo‘yicha chinakam chellenj boshlanib ketgan desa ham bo‘ladi. Masalan, “shu kommentim 50 ming layk yig‘sa, shu bolaga Gentra sovg‘a qilaman!” degan izoh 2 mingdan ortiq layk to‘plagan bo‘lsa, “Agar kommentim 200 ta layk yig‘sa, shu bolaga turmushga chiqaman”, deb yozgan qizning izohida layklar soni allaqachon 700 tadan oshib ketgan.
Shohjahonning ta’kidlashicha, uning nomidan soxta, yolg‘on profillar ochib, pul so‘rash holatlari ham yuz berayapti. U safarining 15-kunida qilgan videomurojaatida hech qachon pul so‘ramasligi, agar uning nomidan kimdir chiqib, pul so‘rasa, bu haqda Instagram’ga shikoyat qilish zarurligini tushuntirgan.
Shohjahon faqat Instagram’da “avjiga chiqayotgani” yo‘q, balki oflayn hayotda yulduzga aylanyapti, deb aytish mumkin. Yo‘lda mashinalar to‘xtab, tinmay hol-ahvol so‘raydi, salqinlab olish uchun salonga taklif qiladi. Masalan, safarining 18-kunida u: “Hayotim umuman boshqacha bo‘lyapti… Mana, ko‘rishinglar mumkin — har 5−10 minutda yo‘lda to‘xtab, salom-alik qilib ketishyapti. Rahmat, boringlarga shukur!”, — deb post qoldirgandi. Hatto bir safar, Samarqand viloyatida, mashinalar korteji tomonidan sharaflandi ham. Safari bexatar o‘tishi, eson-omon manziliga yetishini Xudodan so‘rab duo qilganlarning sanog‘i bo‘lmasa ham kerak.
Hamma ham shunchaki salom-alik qilmaydi, Shohjahonga nimadir ilingisi keladiganlar ham talaygina. Safarning 19-kunida Shohjahon shunday saxiy insonlarga bir iltimos bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi: “Iltimos, yo‘lda menga narsa ko‘tarib kelmanglar, chunki olmasam xafa bo‘lib qolyapsizlar. Men yo‘ldagi odamman, bergan narsangizning hammasini olib ketolmayman, menga yuk bo‘ladi xolos. Iltimos, to‘g‘ri tushuninglar. Xudoga shukr, hamma narsam bor”. Va oxirida shunday qo‘shimcha qiladi: “Shunchalik qo‘llab-quvvatlab chiqqanlaringizga rahmat kattakon. Menga shuning o‘zi yetadi”.
Shohjahon 23-avgust kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining Juma shahrida edi. U yo‘ldagi “Xavfli burilish” yo‘l belgisi oldida turib dam olarkan, uni o‘z hayotiga qiyoslagan va o‘zi ham hozir hayotining muhim bir burilish pallasida ekanini ta’kidlagan. Darhaqiqat, bu fikrga qo‘shilmaslik mumkin emas.