O‘zbekiston dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish korxonalari mavjud bo‘lishiga qaramay, uning importini bir necha barobar oshirdi. Bu “Gazeta.uz” o‘rgangan Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlaridan anglashiladi.
Yil boshidan buyon dizel importi hajmi 169,58 mln dollarga teng bo‘lgan 206,9 ming tonnani (1 kg uchun 81 sent) tashkil etdi, bu 2023-yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan 22 foizga (168,97 ming dollar va 137,5 mln dollar) va 2022-yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan 7,3 baravarga (28,2 ming tonna, 23,7 mln dollar) ko‘pdir.
Bojxona qo‘mitasi va Energetika vazirligi matbuot xizmatlari qo‘mita ma’lumotlarida asosiy iste’mol tovarlari aks etganini ma’lum qildi. Dizel yoqilg‘isi TIF TN (tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi) kodlarining 5 kichik bandini qamrab oladi, ammo bu kodlarning barchasi taqdim etilgan statistik ma’lumotlarda aks ettirilmagan.
“TIF TNdagi barcha subpozitsiyalar asosida olinsa, 2022-yilning 7 oyida mamlakatimizga 190,3 ming tonna dizel yoqilg‘isi import qilingan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 7,3 barobarga emas, 31,5 foizga ortgan. Agar 2023-yilning shu davri bilan solishtirilsa, ushbu mahsulot importi 10 foizga kamaygan”, — deyiladi xabarda. Biroq Bojxona qo‘mitasi va Energetika vazirligi taqqoslash uchun boshqa kichik bandlar bo‘yicha aniq ma’lumotlarni taqdim etmadi.
O‘zbekistonda dizel Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodida, shuningdek, Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi.
2018-yil dekabr oyida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi sobiq raisi Bahrom Ashrafxonov GTL sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish zavodining qurilishi benzin va neft mahsulotlari narxini, shuningdek, aviakerosin va dizel importini pasaytirish imkonini berishini ma’lum qilgandi.
Zavod ishga tushirilgach, 3,6 milliard kub metr gazni qayta ishlab, 1,5 million tonna “Yevro-5” standartidagi sintetik suyuq yonilg‘i, jumladan, 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel, 431 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi qayd etilgan.
Zavod 2021-yil oxirida ishga tushirilgan bo‘lib, uning qiymati 3,42 million dollarni tashkil etgani xabar qilingandi (ilgari u 2,74 milliard dollarga baholangan). O‘shanda yonilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarish hisobiga import o‘rnini bosish yiliga 500 million dollar, eksport — 200 million dollar, budjetga soliq tushumlari 2 trillion so‘mni tashkil etishi ma’lum qilingandi.
2022-yil 29-iyunda korxona sintetik neftdan “Yevro-6” toifasidagi dizelni ishlab chiqarishni boshladi, uning sintezi biroz oldin boshlangandi. Ushbu liniyaning loyihaviy quvvati yiliga 720 ming tonnani tashkil etadi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Uzbekistan GTL zavodining quvvati yiliga 1 million tonnagacha dizel ishlab chiqarish imkonini beradi.
Zavod ishga tushirilgandan so‘ng dizel importi kamaygan. Xususan, 2022-yilning iyul-dekabr oylarida xorijdan 138,8 mln dollarlik 137,7 ming tonna mahsulot import qilingan bo‘lsa, 2023-yilning ikkinchi yarmida import 58 ming tonnagacha (41,5 mln dollar yoki kg uchun 71,5 sent) tushdi. Biroq keyinchalik xorijiy yetkazib berishning keskin o‘sishi kuzatildi.
16-avgust kuni o‘tkazilgan birja savdolarida dizelning bir tonnasi o‘rtacha 12,13 million so‘mdan sotildi. Bu narx o‘tgan yilning shu sanasidagi narxdan (10,7 million so‘m) 13 foizga yuqoridir.
“Gazeta.uz” dizel importining keskin oshish sabablarini aniqlash maqsadida Energetika vazirligiga so‘rov yuborgan, ammo maqola e’lon qilingan paytgacha javob olib bo‘lmadi. Tahririyat, shuningdek, ishlab chiqarish hajmi va mavjud quvvatlar haqida ma’lumot olish uchun “O‘zbekneftgaz” (Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Uzbekistan GTL`ga egalik qiladi) hamda Saneg (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining qisman egasi) kompaniyalariga ham murojaat qildi.