Siyosat
O‘zbekistondagi barcha siyosiy partiyaga parlament saylovlarida qatnashish uchun ruxsat berildi
Markaziy saylov komissiyasi barcha siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovida qatnashish uchun ruxsat berdi.
Prezident tadbirkorlar bilan muloqotda eng ko‘p qaysi so‘zlarni ishlatdi?
ITIMning lingvistik tahliliga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Nukusda o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda salkam 5000 ta so‘zdan foydalandi. Eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar “tadbirkor”, “korxona”, “xizmat”, “eksport”, “bozor”, “yer”, “bank” va boshqalar bo‘ldi. Batafsil.
Ozarbayjon prezidenti 22-avgust kuni O‘zbekistonga keladi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan 22−23-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Toshkentda davlatlararo oliy kengash birinchi majlisini, shuningdek, ikki mamlakat biznes vakillari uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi
O‘zbekistonda Vodafone va Nokia kompaniyalari ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi, dedi tadbirkor Farhod Mamajonov prezidentga. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 5G Standalone tarmog‘ini o‘rnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroga baholanmoqda va u 2025-yil boshida ishga tushishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda yer uchastkalarining yagona klassifikatori joriy etiladi
2025-yildan O‘zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish loyihalari yagona klassifikatorini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu bilan asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olish aniq belgilab beriladi.
Air Products 140 mln dollarga FNQIZ ishlab chiqarish aktivlarining bir qismini sotib oladi
Saneg Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi ikkita vodorod ishlab chiqarish blokini AQShning Air Products kompaniyasiga 140 mln dollarga sotmoqda. Shartnoma hali to‘liq xususiylashtirilmagan zavod ulushini o‘tkazishni nazarda tutmaydi, deya aniqlik kiritdi Saneg mas’ullari.
Jamiyat
Senat qo‘mitasi va YHXX yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni muhokama qildi
Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholanishi kerak. YTHlar vaqtida tahlil qilinmayapti, aholi gavjum joylarda svetoforlar yo‘q, hokimliklar zarur choralarni ko‘rmayapti. Senatda YHXX yangi rahbari bilan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda 2023-yilda haydovchilik guvohnomasi yo‘q shaxslar 707 ta YTH sodir etdi, ularda 212 kishi vafot etdi
O‘zbekistonda 2023-yilda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxslar qayta rulga o‘tirib, 707 ta YTH sodir etdi. Ularda 212 nafar shaxs vafot etdi, 546 nafar shaxs jarohatlandi.
“Farzandlaringizni sevsangiz, xavfsiz avtoo‘rindiqlardan foydalaning” — AQSh elchisi
“Gazeta.uz” AQSh elchisi Jonatan Henikdan O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligi haqida so‘radi. “Birinchi va eng muhimi — xavfsizlik kamarlarini taqish. Biz bekorga avtomobillarni xavfsizlik kamari bilan jihozlamaymiz”, — dedi u.
Uchtepa tumanidagi ayrim ko‘chalarni nomlashda aholidan ovoz berish so‘ralmoqda
Toshkent shahri aholisi geonom.tashkent.uz sayti orqali Uchtepa tumanidagi ayrim nomsiz ko‘chalarni nomlash yoki qayta nomlash (jami 187 ta) yuzasidan o‘z fikrini bildirishi mumkin. Jarayon 3-sentabrgacha davom etadi.
O‘zbekistonliklar ATTO kartalaridan Qirg‘izistonda ham foydalanishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi yo‘lkira to‘lovlarining avtomatlashtirilgan tizimi operatorlari ATTO va Tulpar integratsiya qilinadi. Jarayon tugagach, Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonda Tulpar kartalari orqali, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekda ATTO orqali to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.
Sud faxriysi Mashkura Safayeva 74 yoshida vafot etdi
Sud faxriysi Mashkura Safayeva kasallik oqibatida 74 yoshida vafot etdi. U 14 yil Oliy sud sudyasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi, Qonunchilik palatasi deputati, spiker o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ga yo‘lovchilardan undirilgan ortiqcha haq bo‘yicha jarima qo‘lladi
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi yo‘lovchilarning chiptalaridan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 660 mln so‘mga yaqin ortiqcha haq undirgani aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi unga va xuddi shu holat bo‘yicha “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” kompaniyasiga moliyaviy jarima qo‘lladi, pullar iste’molchilarga qaytariladi.
Fuqarolarni Angliyaga jo‘natishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi
Nurobod tumanida 5 kishini Angliyaga noqonuniy ishga yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. U fuqarolardan buning uchun 10 400 dollar olgan.
Toshkentda daraxt kesgan fuqaro 17,3 mln so‘m to‘laydigan va 100 tup ko‘chat ekadigan bo‘ldi
Sergeli tumanida fuqaro 1 tup mojjevelnik (archa) kesgani aniqlandi. Oqibatda tabiatga 8,8 mln so‘m zarar yetgan. Huquqbuzar jami 17 mln 340 ming so‘m tovon to‘lashi belgilandi. Kompensatsiya tarzida esa 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklatildi.
Jizzaxda yerni nasos orqali sug‘orishda qariyb 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
Zomin tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari yerni nasos orqali sug‘orish mobaynida uskunalarni o‘zgartirib, qariyb 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jahon
Demokratik partiya Kamala Harrisni AQSh prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi
Demokratik partiya Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida rasman tasdiqladi. U Amerika yetakchi partiyalaridan birining davlat rahbari lavozimiga nomzodi ilgari surilgan birinchi qora tanli ayol va birinchi osiyolik ayolga aylandi.
Ibrohim Raisiy vertolyotining qulashiga yomon ob-havo sabab bo‘lgan
May oyida halok bo‘lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyoti noqulay ob-havo sharoiti va ortiqcha yuk — me’yordan ko‘p yo‘lovchilar tufayli qulagani aniqlandi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!