Ozarbayjon BRIKSga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza berdi, deb xabar bermoqda “Azertaj” agentligi mamlakat TIV matbuot kotibi Ayxan Hajizodaga tayanib.
BRIKS — 2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan davlatlararo uyushma. Ittifoq ushbu mamlakatlar (Brazil, Russia, India, China) nomlarining bosh harflari asosida nomlangan. 2010-yilda Janubiy Afrika qo‘shilganidan so‘ng, ittifoq BRIKSga aylangan.
2024-yil yanvar oyida Misr, Eron, Saudiya Arabistoni, BAA va Efiopiya tashkilotga qo‘shildi.
Iyul oyida Ozarbayjon Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi (SHHT) maqomini muloqot bo‘yicha hamkordan kuzatuvchi davlatga o‘zgartirish uchun ham ariza bergandi.
Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha Carnegie Politika tahlil markazining ozarbayjonlik yuqori martabali diplomatga tayanib yozishicha, BRIKSga va, ehtimol, SHHTga qo‘shilish Ozarbayjonning a’zolar bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorligini, savdo aloqalarini, sarmoyaviy imkoniyatlari va mintaqaviy ta’sirini yaxshilashi mumkin.