O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekiston fuqarolariga “zarur ehtiyot choralarini ko‘rish, alohida zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga borishni cheklash”ni tavsiya qildi. Bu haqda diplomatik vakolatxonaning murojaatida aytiladi.
“Iloji bo‘lsa, ushbu hududlarda tahsil olayotgan talabalarga vaqtinchalik masofaviy ta’lim formatiga (onlayn) o‘tishni tavsiya qilamiz”, — deyiladi murojaatda.
O‘zbekiston fuqarolari konsullik yordami yoki maslahatlariga muhtoj bo‘lgan taqdirda, Moskvadagi elchixonaning konsullik bo‘limining Call-markaziga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishlari mumkin : +7−499−238−36−20; +7−499−230−00−76. Elektron pochta manzili: uzkorus@mail.ru.
6-avgust kuni ertalab Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib, hudud ichkarisiga o‘tgandi. Rasmiy Kiyevning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiyaning chegara hududlarida “xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal qilmoqda” va “bu hududlarni bosib olishdan manfaatdor emas”.