Qozog‘iston G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga rioya qilish masalasida yangi yo‘nalishni davom ettirmoqda va o‘z iqtisodiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish niyatida. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Jumangarinning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z hududlarida asosiy ish beruvchi bo‘lgan mahalliy kompaniyalarga ta’sir qiladigan bo‘lsa, “sanksiyalarga ko‘r-ko‘rona ergashmaydi”. “Biz o‘z ishlab chiqaruvchilarimiz savdodan to‘xtatilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi u.
Bloomberg’ning ta’kidlashicha, bu Qozog‘istonning asosiy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun jahon bozorlariga chiqish yo‘lidagi “manevrlarini” aks ettiruvchi “ritorikadagi keskin o‘zgarish”. Mamlakat 2022-yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini munosabati bilan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan G‘arb sanksiyalariga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, uning Jumangarin kabi yuqori martabali amaldorlari ilgari bu cheklovlarga ochiqchasiga e’tiroz bildirmagandi, deb yozadi agentlik.
Shu bilan birga, Jumangarin mamlakat ikkinchi darajali sanksiyalar ostida “qolmasligi” uchun Qozog‘iston istisno qilishi mumkinligini, mamlakat baribir qoidalarga rioya qilishini aytdi. AQSh Moliya vazirligi tomonidan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan mahalliy kompaniyalar yopilish jarayonida, deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.
Shu bilan birga, Jumangarinning ta’kidlashicha, Rossiyaning tovarlarga kirishini cheklashga qaratilgan ayrim chora-tadbirlar Qozog‘istonga nomutanosib ravishda zarar yetkazgan. G‘arb hukumatlari esa urushdan oldin Rossiyani o‘zining eng yirik savdo sherigi deb hisoblagan Qozog‘istonning xarajatlarini qoplash uchun ko‘p narsa qilmadi, deydi u.
Jumangarin 40 foiz ulushi Qozog‘istonga tegishli bo‘lgan va Rossiyaga temir rudasi yetkazib berish taqiqlanganidan katta zarar ko‘rayotgan tog‘-kon Eurasian Resources Group kompaniyasini misol qilib keltirdi. Rossiya mijozi mahalliy yetkazib beruvchilar bilan savdo qilishga o‘tdi. “Agar cheklovlar bo‘lmaganida, foyda Qozog‘istonda qolar edi. Aksincha, endi u siz kimga qarshi sanksiyalar qo‘ygan bo‘lsangiz, o‘shalarga tushmoqda”, — dedi siyosatchi.
Hozir Qozog‘iston oldida Rossiyaga qarshi qo‘yilgan cheklovlarni buzmagan holda izolyatsiyadan chiqish uchun raqobatdosh ustuvorliklarni muvozanatlash vazifasi turibdi, dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar Yevropa bilan savdo logistikasini murakkablashtirib, Qozog‘istonni Kaspiy dengizi orqali, keyin esa Gruziya orqali aylanma yo‘ldan borishga majbur qilmoqda. Rossiya orqali yuk tashish endi yaroqsiz, chunki uning portlari ichki yuklar bilan tiqilib qolgan.
Mamlakat hukumati, Jumangarinning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonga Eronga mahsulot sotish yoki mamlakatdan tranzit uchun foydalanish imkonini beradigan imtiyozlar so‘rab G‘arb davlatlariga murojaat qilgan, ammo hech qanday natija bermagan.
“Har safar biz savdolashishga majbur bo‘lamiz. Ammo mamlakat sifatida qandaydir tarzda yashashimiz zarur”, — deydi u.
- Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2023-yil sentabrida Germaniyaga tashrifi chog‘ida mamlakat G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga so‘zsiz amal qilishini aytgan edi.