Oliy Majlis Senatning ellik beshinchi yalpi majlisi 15-avgust kuni chaqiriladi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun hamda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, bir qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilish va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqish, Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha axboroti eshitiladi.
Majlis kun tartibidan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham o‘rin olgan.
Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan. Senat bu hujjatni haligacha ko‘rib chiqmagandi.
Avvalroq Qonunchilik palatasi qonun belgilangan muddatda taqdim etilganini ma’lum qilgandi. “Gazeta.uz”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat 2023-yil 5−6-dekabr kunlari Senatga yuborilgan bo‘lishi kerak.
Shunday qilib, Senat 5−6-fevralgacha yig‘ilish o‘tkazmagan va ushbu qonun yuzasidan qaror qabul qilmagan bo‘lsa, u prezidentga imzolanish uchun yuborilishi lozim edi.
Qonun nima haqida?
Muhokamaga sabab bo‘layotgan qonun “mamlakatda sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solishga maqsadida” tayyorlangan. Qonunning birinchi qismida haydovchilarning qoidabuzarliklariga doir bir qator jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Xususan, qonun orqali 2018-yildan buyon joriy etilishi kutilayotgan jarima ballari tizimi ham nihoyat ishga tushirilishi kutilayotgandi. Ammo Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonunning ikkinchi qismiga jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan “obro‘sizlantirish” normasi ham qo‘shib ketildi.
Ushbu normaga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (17 mln so‘m) miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev qonunning ikkinchi qismida taklif etilgan norma mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini ta’kidlab, huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini qayd etib o‘tgan edi.
Shuningdek, u qonunchilikda ushbu huquqbuzarlik uchun moddalar allaqachon mavjudligini bildirib o‘tgan.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi 11-yanvar kuni qonun loyihasi muhokamasini tashkil etgan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.
Ko‘plab jamoatchilik vakillari qonundagi aynan ushbu normaga e’tiroz bildirib, qolgan qismiga e’tiroz yo‘q ekanini ta’kidladi.
“Mast holda mashina haydaganlarga javobgarlik kuchaytirilishi ham, jarima ballarining qo‘llanilishi ham, avtomaktab bilan bog‘liq qismlarini ham — hammasi zo‘r, bu kutilgan qonun va uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo asosiy e’tiroz huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini video yoki fotosuratga olib, internetga joylaganlik uchun ma’muriy qamoq darajasigacha bo‘lgan javobgarlikni belgilash haqidagi qismiga edi. Umuman masalaning mohiyati shu edi. Hozir necha nafar odam o‘lgani, haydovchilarni tarbiyalashimiz kerakligi, ahvol chatoqligi haqida gapiryapmizda, xuddiki shu bilan mana shu moddani xaspo‘shlayotgandek bo‘lib qolyapmiz”, — dedi, xususan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev 11-yanvardagi yig‘ilishda.