12-avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi suv havzalarining birida 18 yoshli yigit tok urishi oqibatda vafot etdi. Bu haqda MY5 telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Qayd etilishicha, marhum asli kosonlik bo‘lib, Qarshi shahri ijarada yashab kelgan. O‘sha kuni u tushdan so‘ng yaqinlari bilan Qarshi tumani Beshkent shahridagi suzish havzasiga borgan. Yigit cho‘milish paytida havzadan chiqib, nam holatda tok uzatish moslamasi yoniga borgan va uni shu yerda tok urgan.
“Cho‘milish jarayoni bo‘lgan, oradan ancha vaqt o‘tgan. Bola usti namligida telefon quvvatlagich [rozetkasi] ustiga oyog‘ini qo‘ygan. Qisman tok urgan, deb taxmin qilyapmiz. Hozir huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ekspertiza jarayonlari olib borilmoqda. Shundan keyin hammasiga aniqlik kiritiladi”, — dedi suv havzasi vakili Nuriddin Pirnazarov.
Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Ikrom Hayitovning aytishicha, uning tez tibbiy yordamdagi hamkasbi o‘sha yerda bemor yuragini yopiq massaj qilgan, sun’iy nafas bergan. Biroq undagi klinik o‘lim biologik o‘limga aylangan. Yigit shifoxonaga olib borilganida tiriklik belgilari topilmagan.
Ayni paytda holat yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ochilganiga 2 oy bo‘lgan suzish havzasi faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan, deyiladi xabarda.