Sportchilar tayyorlagan, hakamlik va nazoratchilik faoliyati bilan o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shgan Sayfiddin Ermatov vafot etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

Sayfiddin Gaziyevich Ermatov 1953-yil 22-fevral kuni Toshkentda tug‘ilgan. Bolaligidan futbol bilan shug‘ullanib kelgan, jumladan, yoshlik davrlarida “Paxtakor”, “Spartak” va “Avtomobilchi” jamoalarida to‘p surgan.

Shundan so‘ng “Paxtakor” bolalar-o‘smirlar sport maktabi va xalq orasida “Chig‘atoy” nomi bilan mashhur bo‘lgan futbol bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yoshlarga futboldan saboq bergan. Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida mehnat qilgan.

Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida ko‘plab iste’dodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qo‘shgan. Shogirdlari orasida o‘zining o‘g‘li, FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish bo‘yicha jahonning mutlaq rekordchisi, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin.

Shuningdek, u tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelniskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan.

Marhum 2022-yilda “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.