Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19−20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.
Test ikki smenada tashkil etiladi:
- I smenada 08:00 dan 11:00 ga qadar;
- II smenada 15:00 dan 18:00 ga qadar.
Sinovlar 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan — jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt beriladi.
Talabgorlar testda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishlari mumkin. Ular sinov o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim.
Avvalroq vazirlik o‘tish ballarini tasdiqlagandi. Eng yuqori o‘tish balli huquq sohasi uchun belgilangan — 140 ball. Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar kamida 129 ball to‘plashi kerak bo‘ladi.