12-avgust oqshomida Parijdan yetib kelgan O‘zbekiston milliy olimpiya terma jamoasi a’zolari Toshkent aeroportida kutib olindi. Hukumat va Senat rahbarlari hamda boshqa rasmiylar, shuningdek, sportchilar so‘zga chiqqan tantanali marosimdan so‘ng olimpiyachilar ikki qavatli avtobuslarda poytaxt ko‘chalari bo‘ylab sayr qildi, ularni qo‘llarida bayroqlar ko‘targan aholi kutib oldi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda bosh vazir Abdulla Aripov va Senat raisi Tanzila Narbayeva tomonidan ularga “Prezident sovg‘asi” yozilgan pul mukofotlari va uy-joy sertifikatlari topshirildi. Mukofot miqdori davlat rahbari tomonidan 2022-yilning fevral oyida tasdiqlangan, ular davlat budjetidan ajratiladi.

Foto: Boks federatsiyasi.Foto: Boks federatsiyasi.

Oltin medal olganlarga:

  • 200 ming AQSh dollari;
  • Tahoe avtomobili;
  • ikki qavatli kottej.

Kumush medal olganlarga:

  • 100 ming dollar;
  • BYD Song Plus EV Champion Flagship avtomobili;
  • xonadon.

Bronza medal olganlarga:

  • 50 ming dollar;
  • BYD Song Plus DM-I Champion Flagship avtomobili;
  • xonadon.

Foto: Boks federatsiyasi.Foto: Boks federatsiyasi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Olimpiadaga jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Ular musobaqada 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi. Respublika medallar hisobida 206 davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni (Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin) egalladi.

Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

Olimpiada sovrindorlari:

Oltin medal:

  • Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg);
  • Ulug‘bek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg);
  • Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg);
  • Hasanboy Do‘smatov (boks, -51 kg);
  • Abdumalik Xalakov (boks, -57 kg);
  • Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, -71 kg);
  • Lazizbek Mullojonov (boks, -80 kg);
  • Bahodir Jalolov (boks, +92 kg).

Kumush medal:

  • Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, -102 kg);
  • Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg).

Bronza medal:

  • Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, -100 kg);
  • Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg);
  • G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg).