9-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida ishtirok etgani haqida yozgandik. Quyida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflarni keltiramiz.
- Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish.
- Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish.
- Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi modelini ishlab chiqish.
- Tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlari jarayonida o‘zaro ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.
- Bosh vazirlar o‘rinbosarlari darajasida Iqtisodiy kengash — muntazam ravishda uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish.
- Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazish.
- Qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish.
- Markaziy Osiyo investitsiya kengashi va mintaqa mamlakatlari Innovatsion rivojlanish bankini tashkil etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish.
- Transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish.
- Transport vazirliklari, tashuvchilar va ekspeditorlar, logistika kompaniyalari va mutaxassislar ishtirokida Ekspertlik konferensiyasini o‘tkazish.
- Agrar ishlab chiqarishning innovatsion usullari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasida ilmiy ishlarni kuchaytirish, klasterlar va “aqlli fermalar”ni yaratish.
- sentabr oyida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum va uning doirasida Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish uchun qishloq xo‘jaligi vazirlarining alohida uchrashuvini o‘tkazish.
- Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qo‘shma taqdimot o‘tkazish.
- Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish kompleks dasturi, Transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanishning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish.
- Mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazish.
- Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy yoshlar tanlovini o‘tkazish.
- Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va mamlakatlardagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish.
- Mintaqa davlatlarining iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish.
- “Bitta tur — butun mintaqa” tamoyili bo‘yicha milliy ID kartalarni o‘zaro tan olish va ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqish.
- Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni imzolash.