27-iyul kuni soat 13:10 atrofida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Damas haydovchisi voyaga yetmagan bolani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarda yo‘l chetida turgan Cobalt mashinasidan katta yoshdagi erkak va voyaga yetmagan qiz tushib, yo‘lning narigi betiga o‘tganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng, 6 yoshli bola ularning ortidan ergashmoqchi bo‘lib, yo‘lga qaramay, yugurib o‘tmoqchi bo‘ladi. Shu paytda uni yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan kelayotgan 25 yoshli haydovchi Z.M. boshqaruvidagi Damas urib yuboradi.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida bola turli xil tan jarohatlari olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

YHXB ota-onalardan farzandlarini avtomobil yo‘llarida qarovsiz qoldirmasliklarini eslatib o‘tdi.

Avvalroq Samarqandda Nexia 2022-yilgi SHHT sammiti oldidan kengaytirilgan yo‘ldan o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yuborgandi. “Peshexod”lar orasidagi masofa 1 km bo‘lgani uchun aholi doimiy ravishda bu yerdan yo‘lni kesib o‘tadi. O‘shanda ham viloyat YHXB aholini bolalarga e’tiborli bo‘lishga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqirgandi.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yuqori tezlikdagi (taxminan 140 km/soat) BYD Song Plus Champion mashinasi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 2-sinf o‘quvchisini bosib ketgandi. Qiz voqea joyida vafot etgan.

Senat yilning dastlabki besh oyida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida ma’lum qilgandi. 2023-yilda yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.