Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdi, deb xabar qildi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
“Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik — Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasining ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Yuk tashish hajmini oshirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratish, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
“Biz Transkaspiy yo‘nalishi va „Shimol-Janub“ koridoridan samarali foydalanish masalalarini ko‘rib chiqdik, Transafg‘on temiryo‘li qurilishi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdik. Chegarada yangi nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish masalasi ishlab chiqildi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.
Yana bir strategik yo‘nalish — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Ikki mamlakat hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Tomonlar transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.