Raqobat qo‘mitasi raisi Halilillo To‘raxo‘jayevning 5-avgustdagi buyrug‘i bilan Tok Bor kompaniyasi ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.

Hujjatda qayd etilishicha “Tok bor” MCHJning elektromobillar va gibrid avtomobil vositalarini quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bozordagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etgan.

Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan uch kunlik muddatda “Tok bor” MCHJga tegishli xabarnoma yuborish topshirildi.

Ma’lumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.

Hozirda ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya mahsulot yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilishi kerak.

Reyestrga kiritilgan korxonalar monopoliyaga qarshi yuqori yoki monopolistik past narxlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha harakatlarini nazorat qilish maqsadida har chorakda monopoliyaga qarshi organga o‘zlari reyestrga kiritilgan xizmatlar turiga qo‘llaniladigan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadilar.