Ostona shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini o‘tkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat rahbarlari “O‘zbekiston va Qozog‘istonning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yangi sifat bosqichi boshlanganini” anglatadigan 2024−2034-yillarga mo‘ljallangan tarixiy strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturining qabul qilinishini olqishladi.
Majlis davomida Shavkat Mirziyoyev bir qator ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
U xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar muloqotlar natijadorligini oshirish, Parlamentlararo forumni ta’sis etish, Ekspertlar kengashining qizg‘in ishini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasining yangi strategiyasini qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar bir kun avval bo‘lib o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha 7 mlrd dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolanganini ijobiy baholadi. Gap energetika, logistika, qurilish, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida bormoqda.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishib olindi.
“Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, energetika, aloqa va raqamlashtirish kabi istiqbolli tarmoqlarda hamkorlik salohiyatini to‘liq ishga solish muhim. Shu nuqtai nazardan, Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida „Markaziy Osiyo“ xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini imkon qadar tezroq ishga tushirish zarur”, — dedi Qosim-Jomart To‘qayev.
“Biz sanoat kooperatsiyasiga katta umid bog‘laymiz. Bugungi kunda 3 mrd dollardan ortiq 70 ga yaqin qo‘shma loyihamiz mavjud bo‘lib, ularda 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Biz bu boradagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyormiz”, — dedi u.
Iqtisodiy hamkorlikning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan hududlar o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Transport va tranzit sohasida ishbilarmon doiralarni jalb etgan holda ikki mamlakat o‘rtasida yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Kengash majlisida transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Ta’lim sohasida bugundan ikki mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari — Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston rahbari, shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga Ostona shahrida shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladi. Maslahat uchrashuvi mintaqa oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mintaqaviy kun tartibini ishlab chiqishning samarali mexanizmiga aylandi, deyiladi xabarda.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart To‘qayevni Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.