Ikki tomonlama muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida Muxtar Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochib berdi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur ta’lim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan texnik yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Ikki mamlakat yetakchilari “Sian-Xorg‘os-Olmaota-Sariyog‘och-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham qatnashdi.
Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston-Xitoy terminalidan “Xorg‘os” quruq portiga yo‘l olgan. U yerda konteynerlar qayta ortilgan va Qozog‘iston temir yo‘llari bo‘ylab “Sariyog‘och” stansiyasi orqali so‘nggi manzilga — “Toshkent” stansiyasiga jo‘natilgan.
Ushbu yo‘nalish yuk tashish vaqtini qisqartirib, savdo hajmini oshirishga kuchli turtki beradi, deyiladi xabarda.