Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar yunon-rum kurashchilari: Rustam Assakalov (-97 kg), Aram Vardanyan (-77 kg) va Islom Bahromov (-60 kg) omadli startga qaramay, musobaqani medallarsiz yakunladi.
Bronza medal uchun bahsgacha yetib kelgan 40 yoshli Rustam Assakalov yakunda 2023-yilgi jahon chempioni, Panamerika o‘yinlari g‘olibi, kubalik 25 yoshli Gabriel Rosiloga mag‘lub bo‘ldi.
Uchrashuv boshida sportchi o‘ng yelkasidan jarohat oldi. Bu vaqtda Assakalov raqib ogohlantirish olgani hisobiga 2 ballga ega edi. Biroq, tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, Assakalov kurashni davom ettira olmadi va mazkur olimpiadani beshinchi pog‘onada tugatdi. Mazkur musobaqadan so‘ng u professional sportdagi faoliyatini ham yakunladi.
Uning bronzagacha yo‘li:
Rustam Assakalov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida jahon chempionatlarida 1 tadan oltin va kumush, Osiyo o‘yinlarida 1 tadan oltin, kumush va bronza, qit’a birinchiliklarida esa 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakat sharafini himoya qilgan.
Yana bir kurashchi Aram Vardanyan (-77 kg) ham bronza medali uchun o‘tish bahsida omadli qatnashdi va bronza medal uchun gilamga chiqdi. U 2021-yilgi jahon chempioni, armanistonlik Malxas Amoyanga imkoniyatni boy berdi va Olimpiadani beshinchi pog‘onada yakunladi.
Aram Vardanyanning musobaqadagi yo‘li.
5-avgust kuni -60 kg vazn toifasida Islom Bahromov chorak finalgacha yetib bordi. “Klassik” kurashchi ¼ finalda KXDR vakili Se Ung Riga mag‘lub bo‘ldi. Uning raqibi yarim finalda Xitoy vakiliga mag‘lub bo‘lgani sabab Islom bronza medali uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bronza medali Shimoliy Koreya vakilining o‘ziga nasib qildi. 29 yoshli Islom Bahromov esa 7-o‘rinda musobaqani yakunladi.
Islom Bahromovning musobaqadagi yo‘li.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi hozirgacha faqat dzyudo bo‘yicha bellashuvlarda medallarga erishdi: 1 oltin va 2 bronza.